Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Harbiy-vatanparvarlik kengashining “OAVda harbiy sohaga oid islohotlarni yoritishning oʻziga xos jihatlari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

 Unda Harbiy-vatanparvarlik kengashi aʼzolari, Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining Axborot xizmati masʼul xodimlari, harbiy jurnalistlar, markaziy ommaviy axborot vositalarida harbiy sohani yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar qatnashdi.

Davra suhbatida bugungi tezkor zamonda Oʻyozbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Harbiy-vatanparvarlik kengashidan  Prezidentimiz — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni imzolagan harbiy sohaga oid farmon va qarorlar ijrosini taʼminlash, xalq va armiya oʻrtasida sifatli muloqotni yoʻlga qoʻyish, harbiy islohotlar haqida tezkor, xolis va toʻliq axborot yetkazish, milliy armiyamiz faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shuningdek, buyuk ajdodlarimiz  va milliy qahramonlarimiz haqida yoshlarni xabardor qilish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan media mahsulotlarni tayyorlash,  qoʻshinlar faoliyatining ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritilishi samaradorligini tubdan yaxshilash ishlarini sezilarli darajada oshirishni taqozo etishini taʼkidladi.

Harbiy-vatanparvarlik kengashi raisi Ahror Ochilov bugungi kunda OAVda harbiy mavzularni yoritishning oʻziga xos jihatlari, bu boradagi yutuq va kamchiliklarga toʻxtalib,  joriy yilning oʻtgan davrida uyushmaning Harbiy-vatanparvarlik kengashi tomonidan Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti va boshqa kuch tizilmalarining matbuot xizmatlari bilan hamkorlikda milliy armiyamiz faoliyatining ochiqligini taʼminlash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida respublika ommaviy-axborot vositalari bilan oʻzaro  hamkorlikni yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilganligi haqida soʻz yuritdi.

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, OʻzJOKU kafedra mudiri, dotsent Alijon Safarov  mavzu yuzasidan oʻz fikr, mulohazalarini bildirib oʻtdi.      

“Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi Husan Botirov ham  yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “Vatanparvar” tashkilotining oʻrni va roli haqidagi  qizgʻin fikrlarini bildirdi. 

 Mulohaza, mushohada va qizgʻin fikrlarga boy tarzda oʻtkazilgan davra suhbati barcha ishtirokchilarga birday manzur boʻldi.

Tadbir soʻnggida jurnalistlar  mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri,

Gulichehra  DURDIYEVA