Achinarlisi, murojaat qilib kelayotganlarning koʻpchiligi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018-2019-yillarda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha oʻtkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasida ishtirok etmagan.
Shunday boʻlsada “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida yashovchi aholining turmush tarzini yaxshilash va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, bu borada ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-avgustdagi “Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tumanda sektor rahbarlari, soliq, ichki ishlar va adliya organlari, qurilish boʻlimi, mahalla fuqarolar yigʻini vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, uch oy muddatda barcha koʻchmas mulk obyektlari xatlovdan oʻtkazildi.
Qayd etish lozimki, hujjat qabul qilingan vaqtda birgina Shahrixon tumanida Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining maʼlumotlar bazasida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan 32 ming 309 ta koʻchmas mulk obyekti mavjud boʻlgan boʻlsa, xatlov natijasida 52 ming 39 ta turar-joy borligi aniqlandi. Xatlov jarayonida huquqiy hujjatlari mavjud boʻlmagan xonadonlar soni Shahrixon tumanida 42 ming 430 tani tashkil etishi maʼlum boʻldi.
Shundan, tumanlardagi ishchi komissiya aʼzolari tomonidan Yer maydoniga ijara, turarjoy bino-inshootlariga mulk huquqi berilganlar soni Shahrixon tumanida 11 ming 489 tani tashkil etib, xatlov yakuni boʻyicha toʻplangan hujjatlar Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi muhokamasiga kiritildi va turarjoylar foydalanishidagi yer uchastkalariga “ijara” va mavjud bino-inshootlariga nisbatan “mulk” huquqlari Xalq deputatlari viloyat Kengashining qarorlari bilan tasdiqlandi.
Misol uchun, Shahrixon tumanining Eshon mahallasida yashovchi, 80 yoshli Ibrohimjon Ahmadjonov oʻzi yashab kelayotgan uy-joyiga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjati mavjud emasligi uchun bir necha yillardan beri Kadastr hujjatlarini rasmiylashtira olmagan. Kuni kecha Davlat xizmatlari markazi xodimlari ushbu fuqaroning uyiga sayyor tartibda borib, oʻsha yerning oʻzida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, davlat roʻyxatidan oʻtkazib berdi.
Qayd etish lozimki, hozirgi kunga qadar Shahrixon tuman adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi tomonidan mulk huquqlari eʼtirof etilgan 3 469 nafar turar joy egalarining kadastr pasportlari shakllantirilib berildi.
Kamoliddin AMANOV,
Shahrixon tuman adliya
boʻlimi boshligʻi