Obod boʻlayotgan manzillar: Boʻka tumani

    Ijtimoiy hayot 22 Yanvar 2022 3642

    Davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda mutasaddilarga infratuzilmasi va ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlgan 1071 ta aholi punktining obodonlashtirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilgan edi.

    Jumladan, 294 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 457 ta maktab, 325 ta tibbiyot muassasasi, 58 ta qishloq madaniyat uyini qurish va kapital taʼmirlash, 6,5 ming kilometr yoʻl yotqizish, 109 ming dona temir-beton elektr uzatish liniyalari tayanch ustunlarini oʻrnatish masʼullar oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalardandir. Prezident topshirigʻiga asosan, bu muammolarni kompleks hal yetish uchun Prezident Xalq qabulxonalari boshchiligida vazirlik va idoralar rahbarlaridan respublika ishchi guruhi tuzildi. Toshkent viloyatining eng chekkasida joylashgan Boʻka tumanining “Boʻka” mahallasi ana shunday keng koʻlamli dasturni amalga oshirishning birinchi manzilidir.

    Ish yoʻllarni taʼmirlashdan boshlandi. Boʻka aholisining aytishicha, bu masala yillar davomida eʼtibordan chetda qolgan. Yozda chang, qishda esa loy koʻpchilikni qiynab kelgan. Qishloq joylarda yoʻllarni tekislash shunchaki shagʻal-qum toʻshash yemas, balki bu yerda maxsus texnologik usullar tatbiq etildi.

    “Boʻka” mahallasining obod etilishi natijasida, nafaqat hudud qiyofasini, balki qishloq aholisi hayotining oʻzgarishiga sabab boʻladigan 12,5 kilometrlik ana shunday yoʻllar taʼmirlanadi. Endi maktabga, bolalar bogʻchasiga yoki sayr qilish, hamyurtlarimizga haqiqiy zavq bagʻishlaydigan boʻladi. Aholi ham bu ishlarga befarq emas. Hamyurtlarimiz mutasaddi xodimlar bilan birgalikda shagʻallashtirish ishlariga koʻmak berishmoqda.

    Boʻka qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan hudud boʻlganligi sababli bu yerda kollektorlarning, umuman sugʻorish va drenaj tizimining soz holatda ishlashi muhim ahamiyatga ega. Biroq, 30 yil davomida eʼtiborsizlik tufayli ushbu infratuzilma yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Obodonlashtirish ishlari davomida kollektorlar toʻliq tartibga keltirildi. Fermerlarning fikriga koʻra, talab darajasidagi kollektorlar hosil choʻgʻiga bevosita taʼsir qiladi.

    Yaqin vaqtgacha bu qishloq aholisi ichimlik suvi tashib ichar edi. Endilikda bu masala tez orada hal boʻladi. Quvur yotqizish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Obi hayot har bir xonadonga kirib boradi.

    Mahallada elektr tarmoqlari toʻliq almashtirildi, oʻnlab kilometr kabellar yangilanmoqda. Yangi temir-beton ustunlar, zamonaviy transformatorlar oʻrnatilyapti. Demak, elektr taʼminotidagi uzilishlar muammosi endi oʻtmishda qoladi.

    Ishlar hokim yordamchilari bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Endilikda mutasaddilar qishloqlardagi ijtimoiy muhitni nazorat qiladi. Tibbiyot muassasalari, maktablar, bolalar bogʻchalari va boshqa ijtimoiy obyektlar namunali holatda boʻlishi shart. Bu esa odamlarning turmush farovonligiga asos boʻladi. Mahallalarda obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.