Ikki hafta mobaynida olib borilgan uzluksiz bunyodkorlik ishlari natijasida poytaxt viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir boʻlgan olis qishlogʻi ahli endi yangicha hayot kechiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yurtdoshlarimiz hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu keng koʻlamli bunyodkorlik ishlariga asos boʻldi.
Mazkur muhim hujjatlarda mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, ravon yoʻllar, sifatli muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy koʻmakka muhtoj aholi qatlamlariga koʻmak berish va albatta, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlarni hozirlash kabi masalalar yuzasidan ham aniq vazifalar aniq belgilab berilgan.
Mazkur jarayonda ishlarni yangi tizim boʻyicha tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan endilikda Prezident Xalq qabulxonalari mutasaddilari fuqarolarni hokim yordamchilari bilan birgalikda qabul qiladi, yaʼni, odamlarning murojaatlarini samarali hal yetishda yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi.
Prezident Xalq qabulxonasi vakillari va hokim yordamchilari mahallada fuqarolar uchun qabullarni faqat alohida ajratilgan yopiq binolarda emas, balki zaruratga qarab bevosita koʻcha va hovlilarda, ochiq maydonlarda, dala sharoitida ham tashkil etdi. Bu jarayonlarda ular bilan birga sektor rahbarlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Bu tizim ilk bor Toshkent viloyatining eng olis hududlari boʻlmish “Boʻka” va “Choʻlobod” mahalla fuqarolar yigʻinida joriy etilgan boʻlsa, endilikda Oʻzbekistonning barcha uzoq qishloqlarida, ayniqsa, ijtimoiy ahvoli, infratuzilmasi ogʻir boʻlgan mahallalarda ham qoʻllanadi. Shu tariqa har bir murojaat nazoratga olinib, koʻplab masalalar joyida hal etilmoqda.
Ularning ish kuni aholi bilan muloqot, murojaatlarni koʻrib chiqish bilan boshlanadi va qishloq ahli koʻtargan masalalardan kelib chiqqan holda qurilish-taʼmirlash ishlari olib boriladi. Har bir murojaat nazoratga olinib, koʻplab masalalar oʻz oʻrnida hal etiladi.
Bu muhim jarayonlarda Prezident Xalq qabulxonalariga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, ular tomonidan hokim yordamchilariga har tomonlama koʻmak berilmoqda.
Ichki yoʻllarni taʼmirlash masalasi boʻkaliklar tomonidan qabullar jarayonida oʻrtaga tashlangan eng dolzarb muammolardan biri boʻldi.
Bu muammoni hal qilish maqsadida mutasaddi idora va tashkilotlarning katta hajmdagi kuch va resurslari safarbar qilindi. Maxsus texnikalar, yuzlab yuk mashinalari yordamida har kuni bu yerga tonna-tonna qum-shagʻal aralashmasi keltirildi. Ish kunu tun, qishloqning hamma hududi boʻylab tashkil etildi. Yoʻlsozlar tomonidan amalda oʻzining koʻplab afzalliklarini namoyon etgan texnologiya – maxsus aralashmani uch qavat qilib yotqizish va zichlash usuli qoʻllanilib, yoʻllar taʼmirlandi. Buning natijasida paydo boʻlgan yoʻllar nafaqat chiroyli, balki sifatli ham boʻlib, koʻp yillar xizmat qiladi. Ana shu asnoda ikki hafta davomida “Boʻka” mahallasida 12,5 kilometr yoʻl barpo etildi.
Obihayot insonning birlamchi ehtiyojlaridan biri. Mahallada esa koʻchalardan oʻtkazilgan ichimlik suvi tarmoqlari allaqachon oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlgan, ayrim xonadonlarga esa suv quvurlari umuman yetib ham bormagan edi. Ikki hafta mobaynida qishloqdagi har bir koʻchada transheyalar ochildi, yangi suv quvurlari yotqizilib, montaj ishlari olib borilishi natijasida bugungi kunga kelib, toza suv har bir xonadonga kirib bordi. Qisqa muddat davomida “Boʻka” mahallasida 15 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortildi.
Aholi murojaatlarida eng koʻp tilga olingan muammolardan yana birini hal qilish uchun tegishli korxonalar tomonidan xonadonlarni suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash ishlari yoʻlga qoʻyildi.
Mahalladagi yana bir jiddiy muammo elektr taʼminoti bilan bogʻliq edi. Foydalanish muddatini oʻtab boʻlgan eski elektr tarmoqlari, transformator hamda simyogʻochlar tizimdagi tez-tez uzilishlarning asosiy sababi edi. Bunyodkorlik ishlari samarasi oʻlaroq, bu masala ham oʻz yechimini topdi. Temir-beton ustunlar oʻrnatilib, elektr simlari va transformatorlar yangilandi, yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, 480 dona temir-beton ustun oʻrnatildi, 41 kilometrlik tarmoqlar yangilandi.
Qishloq xoʻjaligi Boʻka tumani iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadi va oʻz-oʻzidan ushbu tarmoq bilan bogʻliq kompleks masalalar, shu jumladan, ariq va zovurlarning bir maromda ishlashi mahalliy fermer va dehqon xoʻjaliklari uchun masalalarning masalasi hisoblanadi. Ammo koʻp yillar davomida bunga yetarli eʼtibor berilmagani tufayli melioratsiya va drenaj tarmoqlari loyga toʻlib, yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Shundan kelib chiqib, oʻtgan 14 kun mobaynida ishchilar ekskavatorlar yordamida kollektor va zovurlarni tozalab, tiklashdi, ularning boʻyida tuproq eroziyasining oldini oladigan daraxt koʻchatlari ekildi. Bu kabi xayrli ishlardan ayniqsa mahalliy fermer va dehqonlar minnatdor. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, zovurlarning benuqson ishlashi tuproq unumdorligini bir necha barobar oshirish imkonini beradi.
Yuqorida aytib oʻtganimizdek, Boʻka boy dehqonchilik anʼanalariga ega boʻlgan tuman hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz tomonidan bu anʼanalarni yanada rivojlantirish uchun zarur barcha yordam koʻrsatilmoqda. Ilgari IIV tasarrufida boʻlgan 136 gektar yer 270 nafar yoshga ajratib berilishi bunday xayrli ishlarning ilk mevasi. Bu yerlarning unumdorligi yuqori, yoshlarning koʻpchiligi esa usta dehqonlarning farzandlari. Yer ajratilishi barobarida dalalarni sugʻorish uchun bir nechta nuqtada quduq qazish ishlari olib borilyapti. Yangi, xorijdan keltirilgan zamonaviy qurilmalar 1200 metr chuqurlikkacha quduq qazish imkonini beradi.
Qurilish vazirligiga har bir mahallaning bosh rejasini ishlab chiqish, hududga kirib kelishda ramziy darvoza, mahalla haqida maʼlumot beruvchi stella boʻlishi lozimligi yuzasidan topshiriq berilgan edi. Topshiriqlar ijrosi soha mutaxassislari tayyorlagan loyihalar misolida hayotda oʻz aksini topyapti. Shuningdek, vazirlik mutaxassislari odamlarga hovli-joylarning namunaviy loyihalarini tavsiya etmoqda. Ularda har bir jihat hisobga olingan, mayda detallargacha ahamiyat qaratilgan. Tandirxona qanday joylashtirilishi lozim, issiqxona qanday oʻrnatilgani maʼqul, chorva mollari uchun joy qay tartibda quriladi, hammasi hisobga olingan.
Darvoqe, qabullar jarayonida boquvchisini yoʻqotgan, ogʻir ijtimoiy ahvolda boʻlgan oilalar, nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizdan uylarini taʼmirlashda yordam soʻrab, murojaatlar ham boʻldi. Ikki hafta mobaynida «Alhajar», “Toyloq”, “Ukkiboy”, “Qatortol” hamda “Xudoyqul ovul” kabi qishloqlardagi oʻnlab ana shunday uylar taʼmirlab berildi.
Mahalla ahlining soʻrov va iltimoslari asosida bir qator ijtimoiy soha obyektlarini qurish ishlari ham boshlab yuborildi. Tez orada hududda sunʼiy qoplamali futbol maydoni, bolalar oʻyingohi, vorkaut, qishloq vrachlik punkti, bozor va maishiy xizmat koʻrsatish bekatlari ishga tushadi.
Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi, unda mustahkamlab qoʻyilgan Inson qadri uchun tamoyilini hayotda qaror toptirish yoʻlidagi bu kabi xayrli tashabbuslar mamlakatimizning barcha hududlarida davom ettiriladi.