Obod mahalla va qishloq odamlarining qalbi obod, madaniyati yuksak bo'lishi bejiz emas. Chunki pokizalik va ozodalik qalblarga nur ulashib, inson ruhiyatini ko'taradi, uning sog'lom bo'lishni ta'minlaydi. So'nggi yillarda mamlakatimiz bo'ylab keng ko'lamda olib borilayotgan obodonchilik yumushlari respublikamiz bo'ylab jadal tusda olib borilayotgani e'tiborga molik.
Davlatimiz rahbarining 2018-yildagi farmonlari bilan qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 5 millionga yaqin yurtdoshimiz yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqdagi sharoitlar yaxshilandi. Ushbu dasturlar asosida mamlakatimiz bo'ylab minglab imoratlar qayta qurilgani nafaqat shahar va qishloqlarimiz qiyofasini, balki, yurtdoshlarimizning ko'ngillarini ham obod qilayotir.
Lekin o'tgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli bu boradagi ishlar vaqtincha to'xtab qolgan edi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan shu yil 24-mart kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Prezidentimiz bu masalaga alohida to'xtalib, bu yil mazkur dasturlar doirasidagi ishlarga jami 21 trillion so'm yo'naltirilishini ta'kidladi.
Anglashiladiki, endi ko'p yillardan buyon aholini o'ylantirib kelayotgan elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta'minoti, tor va qing'ir-qiyshiq ko'chalarni kengaytirib, asfalt va shag'al yotqizish kabi ishlar tez orada echim topadi. Aholi yashash xonadonlarining ko'rkam qiyofa kashf etishi, farovon turmush uchun barcha qulayliklarning yaratilishi fuqarolarimizning ertangi kunga bo'lgan ishonchini yanada oshiradi.
Mamlakatimiz rahbarining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori esa hududlarning yo'l-transport infratuzilmasi, ijtimoiy soha obyektlarini rivojlantirish va shu asosda aholining farovonligi hamda turmush darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim huqiqiy asos bo'ldi.
Unga binoan, yuqoridagi dasturlar doirasida qishloqlar (mahallalar) ro'yxati olis va tabiiy-iqlim sharoiti og'ir hududlarda joylashgani, aholi va tadbirkorlarda o'zlari istiqomat qilayotgan (joylashgan) qishloq (mahalla) hududini birgalikda obodonlashtirish yuzasidan tashabbuslarning mavjudligi “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog'i” yoki “Turizm ovuli” maqomiga egaligi kabi mezonlar asosida shakllantiriladi.
Qishloqlarda (mahallalarda) amalga oshiriladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini hamda ularni moliyalashtirish uchun talab etiladigan mablag'larni tuman (shahar) hokimliklari mahalla fuqarolar yig'inlari raislari bilan birgalikda tegishli tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlarida himoya qiladi.
Sir emas, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, elektr ta'minotini, jumladan, transformatorlar va nimstantsiyalar holatini yaxshilash, aholiga gaz yoqilg'isi uzluksiz etkazib berilishini tashkil etish, ichki avtomobil yo'llari, piyodalar yo'laklari, transport to'xtash bekatlari va boshqa yo'l infratuzilmasini qurish, rekonstruktsiya qilish – eng dolzarb masalalardan sanaladi. Qaror bilan bu boradagi muammolar hal etiladigan bo'ldi.
Endilikda mahalliy davlat hokimiyati organlari bu boradagi ishlar bilan birgalikda, ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumiy o'rta ta'lim maktablari, sog'liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash bilan bog'liq tadbirlarni ham amalga oshiradi.
Dasturlarni 2021-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari doirasida tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlari tomonidan mazkur qarorning 1-bandi “a” kichik bandida belgilangan mezonlar asosida har bir tuman va shahardan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan jami 397 ta qishloq va mahalla tanlab olinib, yo'l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish-ta'mirlash ishlarining manzilli dasturlari tasdiqlandi.
Yana bir muhim yangilik – ushbu dasturlar doirasida ijtimoiy soha, ichimlik suvi ta'minoti, oqova suv tizimi hamda yo'l-transport infratuzilmasi ob'ektlari uchun ajratiladigan mablag'lar tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg'armalari orqali moliyalashtiriladi.
Elektr energiyasi, tabiiy gaz va telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish-ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish tegishincha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining o'z mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.
Obyektlarning loyiha-smeta hujjatlariga asosan Dasturlar doirasida ajratilgan mablag'lar etishmagan taqdirda, ushbu ob'ektlarni qurish-ta'mirlash bilan bog'liq qo'shimcha xarajatlar tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo'shimcha manbalari mablag'lari hisobidan qoplanishi mumkin.
2021-yil 1-noyabrga qadar Qoraqalpog'iston Respublikasi hamda viloyatlar markazlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi komplekslarini Qurilish vazirligi tomonidan ma'qullangan namunaviy loyihalarga muvofiq barpo etish, shuningdek, tegishli infratuzilma qurish uchun zarur yer uchastkalari tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlarining qarorlariga muvofiq tadbirkorlik sub'ektlariga to'g'ridan-to'g'ri (tanlov savdolarini o'tkazmasdan) shartnomalar asosida haq undirilmasdan ajratiladi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qaroriga asosan dasturlar doirasida amalga oshiriladigan qurilish-ta'mirlash ishlari bo'yicha buyurtmachilar etib ichimlik suvi ta'minoti ob'ektlari (ijtimoiy sheriklik loyihalari bundan mustasno) bo'yicha – “Suv ta'minoti va oqova suv ob'ektlari qurilishi bo'yicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi, sohadagi ijtimoiy sheriklik loyihalari bo'yicha – Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi, ichki avtomobil yo'llari (Toshkent shahri ko'chalari bundan mustasno) bo'yicha – Avtomobil yo'llari qo'mitasi huzuridagi “Mintaqaviy yo'llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi, Toshkent shahri ko'chalari bo'yicha – Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mas'ul bo'ladi.
Elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlari bo'yicha – tegishincha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari hududiy filiallari, ijtimoiy soha ob'ektlari va markazlashgan mablag'lar hisobidan amalga oshiriladigan boshqa ob'ektlar bo'yicha – Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari hamda vazirlik va idoralar huzuridagi buyurtmachi tashkilotlar belgilandi.
Hujjatga muvofiq, Dasturlar doirasida ichki yo'llarga qum-shag'al aralashmasini yotqizish bilan bog'liq ishlarni bajarish to'g'risida tuziladigan shartnomalarda 30 foiz miqdorida oldindan to'lovni amalga oshirish nazarda tutiladi. Dasturlar bilan qamrab olingan hududlardagi gaz iste'molchilariga elektron gaz hisoblagichlarini o'rnatish hamda ushbu iste'molchilarni tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga ulash navbatsiz amalga oshiriladi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining talabnomalariga muvofiq, Dasturlar doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari orqali “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg'armalariga O'zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan jami 1 trillion so'mgacha mablag'lar, Dasturlarda ko'zda tutilgan tadbirlarni o'z vaqtida moliyalashtirish uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga O'zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan joriy yil yakuniga qadar qaytarish sharti bilan bosqichma-bosqich 1 trillion so'mgacha byudjet ssudasi mablag'lari ajratilishini ta'minlaydi.
Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan ishlar hajmi va smeta qiymatlarining asossiz ravishda oshirib yuborilmasligi ustidan nazorat o'rnatadi va Dasturlarga kiritilgan qishloqlar va shahar mahallalarining bosh reja sxemalari va batafsil rejalashtirish loyihalari hududiy loyiha tashkilotlari tomonidan oldindan ishlab chiqilishini va ular bilan bog'liq tadbirlarning tegishli mahalliy byudjetlar mablag'lari hisobidan moliyalashtirilishini ta'minlaydi.
Umuman olganda, joylarda obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish, yakka tartibdagi va ko'p kvartirali uylarni, mahalla binolari va guzarlarini ta'mirlash, piyoda yo'laklarini barpo etish, tungi yoritish uskunalarini o'rnatish bugun har qachongidan ham muhimroqdir. Ushbu qarorning ijrosi aholi farovonligini ta'minlash barobarida, ularni munosib turmush kechirishiga xizmat qiladi.
Abdulla RO'ZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati









