Andijonda obodonlashtirishda ishlaydigan ayollar kaltaklandi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Аsaka tumanida obodonlashtirish boʼlimining ikki nafar xodimi tadbirkor tomonidan doʼpposlangani haqida xabar tarqaldi.

    Unda aytilishicha, 14-aprel kuni soat 14:00 larda “Yangisor” mahallasida joylashgan tadbirkorning savdo doʻkoni oldidagi xonaga tuman Obodonlashtirish boʻlimi xodimlari dam olishgan kelishgan. Oʻzaro kelib chiqqan janjal oqibatida tadbirkor ayollarni kaltaklagan.

    Andijon viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasining maʼlum qilishicha, hodisa roʻy bergan kunning oʻzida ayollar bilan muloqot olib borilgan. Ularga ruhiy, psixologik yordamlar koʻrsatilgan hamda shu kunning oʻzida Asaka tumani ichki ishlar boʻlimiga xabar berilgan. Jabr koʻrgan ayollar ekspertizaga joʻnatilgan.

    “Hozirda oʻrganish va ekpertiza ishlari olib borilmoqda. Jarayon oxiriga yetkazilishi bilan voqea haqida batafsil maʼlumot berilishini maʼlum qilamiz”, deyilgan xabarda.