Bu haqda vazirlik axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, shu yilning 29-avgust kuni qurilish sohasi tadbirkorlari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda oʻzini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov turli daʼvolar bilan chiqdi.
U, jumladan, “Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor”, — deya jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sababchi boʻldi.
«Mazkur maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni keltirib chiqardi. Oqibatda qurilish sohasida respublika miqyosida olib borilayotgan islohotlarga, soha vakillari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda«, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, bu oʻz navbatida Vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazayotgani ham taʼkidlandi.
«Vazirlik qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va toʻlovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshirilishini, bu jarayonda qoʻshimcha mablagʻ talab qilinishi qatʼiy taqiqlanganini qayd etdi.
Jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini olish uchun arizalarni faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishi mumkin. Arizalarni koʻrib chiqishda fuqaro va vakolatli organ vakili oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xususan, obyekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, uni foydalanishga qabul qilishgacha boʻlgan barcha jarayonlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali toʻliq nazorat qilinadi.
Bu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlar asosida aniq tartibga solingan«, — deyiladi vazirlik xabarida.