Odam savdosi boʻyicha qidiruvda boʻlgan ayol Turkiyadan ekstraditsiya qilindi

    2021-yildan beri odam savdosi uchun qidiruvda boʻlgan ayol Turkiyadan Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.

    Xabarga koʻra, 1991-yilda tugʻilgan ushbu shaxs yuqori maosh vaʼdalarini berib, qizlarni Turkiyaga olib borgan. U yerda ularning fuqarolik pasportlarini tortib olib, fohishalik bilan shugʻullanishga majburlagani aniqlangan.

    Ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 2021-yilda qidiruv eʼlon qilingan.

    Tezkor harakatlar davomida uning Istanbul shahrida yashirinib yurgani maʼlum boʻlgan. Turk huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qoʻlga olingan shaxs joriy yilning 18-noyabr kuni belgilangan tartibda Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.

    Mazkur operatsiya ikki mamlakatning Interpol milliy markaziy byurolari oʻrtasidagi samarali hamkorlik natijasi sifatida amalga oshirildi.

    Maʼlumot uchun, joriy yildan Oʻzbekistonda odam savdosi uchun jazo choralari kuchaytirilgan boʻlib, amaldagi qonunchilikka muvofiq bunday jinoyat uchun 5-yildan 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.