Yuqori darajada oʻtkazilgan mazkur xalqaro tadbirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining barcha aʼzo davlatlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirning ochilish marosimida YEXHTning Bosh kotibi H.Shmid, Shimoliy Makedoniya Tashqi ishlar vaziri, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining raisi B. Osmani, Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri, hozirda ushbu davlatning parlamenti aʼzosi T.Mey, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmita raisi R.Alimov va BMT Bosh kotibining maxsus vakili P.Patten mavzuga oid maʼruzalarini taqdim etdi.
Oliy Majlis Senati qoʻmitasi Raisi R.Alimov oʻz soʻzida, oxirgi yillarda mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda, xususan, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash yoʻnalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganiga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda odam savdosi dolzarb ahamiyat kasb etib, ushbu illatga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyat tomonidan tizimli harakatlar olib borilyapti.
Xususan, Oʻzbekiston bugun mazkur illatga qarshi kurashishda sohada institutsional, tashkiliy- huquqiy va xalqaro hamkorlikni takomillashtirish yoʻnalishida tizimli ishlarni amalga oshiryapti va aniq natijalarga erishyapti. Bu borada 2019-yilda tashkil etilgan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha milliy va hududiy komissiyalar, shuningdek, ushbu masalalar boʻyicha Milliy maʼruzachi institutining taʼsis etilgani alohida qayd etildi.
Oʻzbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyaning samarali faoliyati tufayli ushbu yoʻnalishda qator ijobiy natijalarga erishilganligi alohida taʼkidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda Oʻzbekistonda sohada amalga oshirilgan islohotlar yuksak eʼtirof etildi.
Odam savdosiga qarshi kurashish, sohaga xalqaro standartlarni joriy etishda YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan odam savdosiga qarshi kurashishda mintaqaviy va xalqaro harakatlarni takomillashtirish yuzasidan yangi loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish zarurati taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.