Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida O'zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov 90 yilligiga bag'ishlangan “Odamlar, avaylang bir-biringizni” deb nomlangan adabiy-ma'rifiy kecha bo'lib o'tdi.
SHoir, dramaturg, publitsist, jurnalist, davlat va jamoat arbobi Jumaniyoz Jabborov Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Po'loti qishlog'ida 1930 yilda dunyoga kelgan. Maktabni tugatib, Toshkent Davlat universitetida tahsil ko'rgan. 1952-1953 yillarda Moskvadagi Adabiyot oliy kursida o'qigan. “SHarq yulduzi” jurnalida (1953-1962) bo'lim boshlig'i, mas'ul kotib bo'lgan, 1962-1964 yillarda “Gulxan” jurnalida muharrir, 1964-1976 “Sovet O'zbekistoni” (“O'zbekiston ovozi”) gazetasida bo'lim boshlig'i, bosh muharrir o'rinbosari vazifalarida ishlagan. 1976-1981 yillar mobaynida markaziy qo'mitasida sho''ba mudiri, 1981-1985 G'afur G'ulom nashriyotida direktor, 1985-1990 yillarda O'zbekiston YOzuvchilar uyushmasi tarjima ishlari bo'limi maslahatchisi, 1990 yilda O'zbekiston Davlat mukofotlar qo'mitasi bo'yicha mas'ul kotib bo'lgan.
Jumaniyoz Jabborovning adabiy faoliyati 50-yillardan boshlangan. Yigirmadan ortiq she'riy, nasriy to'plamlar, o'nlab dostonlar va dramalar yaratgan. Uning “O'jarlar” (1971), “Yillar o'tib” (1975), “To'ydan oldin tomosha” (1979), “Mening oppoq kabutarim” dramalari Toshkentda, qator viloyat teatrlarida, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston sahnalarida qo'yilib keladi.
Jumaniyoz Jabborov mohir va sermahsul tarjimon sifatida Lermontov, Bayron va Firdavsiylar asarlarini o'z ona tilida so'zlatgan.
Jumaniyoz Jabborovning o'zbek adabiyoti rivojiga qo'shgan mehnati davlat tomonidan munosib baholangan. Adib “O'zbekiston xalq shoiri”, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan san'at arbobi” unvonlariga sazovor bo'lgan, bir qator orden va medallar bilan taqdirlangan.
– Jumaniyoz Jabborov – serqirra ijodkor shaxs, – deydi “Muruvvat” ijodiy volonterlik guruhi rahbari Il`mira Zaynutdinova. – SHoir, publitsist, tarjimon, dramaturg, davlat va jamoat arbobi sifatida keng kitobxonlar ommasiga yaxshi tanish. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi jamoasi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan tadbir adibning muxlislari uchun katta bayramga aylanib ketdi.
Tadbirda filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboev, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov, Muqimiy nomidagi O'zbekiston davlat musiqali teatri direktori Mirza Azizov va boshqalarning chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
Ayniqsa, Jumaniyoz Jabborov hayoti va ijodiga bag'ishlangan “Insonni ulug'lash maqsadim” nomli hujjatli fil`m namoyishidan muxlislar o'zlariga ko'plab qiziqarli ma'lumotlar olishdi.
Adabiy-badiiy kechada adib ijodidan namunalar o'qilib, uning she'rlari bilan aytiladigan qo'shiqlar tinglandi, sahna asarlaridan parchalar ko'rsatildi.
Nodir Mahmudov,
"YAngi O'zbekiston" muxbiri