Odamlar fikrini o'qiy oladigan “qalpoq” ixtiro qilindi

    Avstraliyalik olimlar fikrlarni matnga aylantira oladigan dunyodagi birinchi noinvaziv sun'iy intellekt tizimini taqdim etdi.

    Bunday holda odamning miyasiga implantatsiya qilish shart emas – shunchaki bosh kiyimga o'xshash qurilma kiyish kifoya.

    Texnologiyaga DeWave deb nom berildi. U ko'plab ko'ngillilarda sinovdan o'tkazildi.

    Ishtirokchilarga “qalpoq”ni kiyib, “ichida gapirish” so'ralgan. Bu vaqt davomida tizim elektroensefalogramma (EEG) yordamida ularning miya to'lqinlarini yozib oldi va ularni shifrladi.

    “Ushbu tadqiqot EEG to'lqinlarini to'g'ridan-to'g'ri tilga o'girish bo'yicha navatorlik yo'nalishdagi yangilik bo'lib, bu sohadagi muhim yutuqdir, dedi Sidney texnologiya universitetidan olimi Chin-Ten Lin.

    Tajribalar davomida tizim 40 foizdan sal ko'proq aniqlikka erisha oldi. Bu EEG yozuvlaridagi fikrlarni translyatsiya qilishning avvalgi texnologiyasidan 3 foizga yaxshiroq.

    Tadqiqotchilarning maqsadi 90 foiz aniqlikka erishishdir. Tizim mukammal holatga keltirilgach, insult va falaj bo'lib qolgan bemorlarga dunyo bilan aloqa o'rnatishga yordam bera oladi. Bundan tashqari, undan bionik protezlar va robotlarni boshqarish uchun ham foydalanish mumkin, deb xabar beradi mir24.tv.