Shaharning qoq markazidagi maktab. Ilk borgan kunimdanoq maktabdagi baʼzi jihatlar meni hayron qoldirgan. Albatta hammasi yaxshi tomonga. Hali har biri haqida batafsil toʻxtalaman.
Shu maktabda ijodiy toʻgarak tashkil qildik. Yozgi taʼtil, karantin sabab koʻp darslarimiz onlayn boʻldi. Maktabga borgan vaqtlarim ham menga ajratilgan xonada oʻquvchilar kutib qolishadi. Odatda juda koʻp kechikib boraman va yana shoshib asosiy ishimga qaytaman.
Oʻtgan kuni toʻgarak vaqtidan ancha oldin boribman. Maktab eshigidan kirishda katta zal bor. Oʻsha yerda navbatchi oʻqituvchi bilan suhbatlashib oʻtirdim. Qarasam, shu zalga gazeta uchun peshtaxta qilingan ekan. Har yili juda koʻp gazetalarga obuna boʻlisharkan. Va eshikdan kirishda har bir gazetaning yangi sonlari qoʻyib qoʻyilarkan. Kimdir olib oʻqisa, yana qaytib joyiga qoʻyib ketarkan. Hatto bu jarayon bilan shugʻullanish uchun alohida kutubxonachi xodimi biriktirilgan ekan. Gazetaning eski sonlari taxlam qilib yigʻilar, soʻnggi bir haftalik gazetalar oʻqituvchi va oʻquvchilar orasida aylanib yurarkan.
“Odamlar gazeta oʻqimay qoʻydi”, “Gazeta kimga kerak” deb yurganlar koʻp. Odamlar gazeta oʻqiyotganiga oʻzim guvoh boʻldim. Shartta rasmga olib oldim.
Shu holat meni rosa quvontirdi.
Kumush OʻSAROVA,
shoira