Oliy Majlis Qonunchilik palatasi byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasining videokonferentsiya tarzida o'tkazilgan yig'ilishida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan yangi tahrirdagi “Sug'urta faoliyati to'g'risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi sug'urta faoliyatini tartibga solish, sohaga ilg'or xalqaro tajribalarni joriy qilish hamda iste'molchilar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan. SHuningdek, sug'urta turlarini ko'paytirish, barqarorligi ta'minlash bilan mutanosib ravishda aholining sug'urta madaniyatni oshirishni ham nazarda tutadi.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, davlat sug'urta kompaniyalarining ustav kapitali va aktivlari xususiyga qaraganda bir necha barobar yuqori. CHunki davlat sug'urta tashkilotlariga bo'lgan ishonch hamon yuqoriligicha qolmoqda. Misol uchun, o'tgan yili berilgan mukofot hajmi yig'ib olingan sug'urtaning 29,7 foizini tashkil qilgan. Xususiy sug'urta tashkilotlarniki esa ancha past. Umuman, o'tgan olti yil davomida to'langan jami sug'urta qoplamalari jami tushimning atigi 15,5 foizni tashkil qilgan. Bu ko'rsatkich Rossiyada 53,7 foiz, AQSH, YAponiya va Evropa mamlakatlarida esa 70-90 foizni tashkil etadi.

Mutaxassislarning e'tirof etishicha, mamlakatimizda sug'urta to'lovlarining kamligi uchta asosiy sabab bilan asoslantiriladi. Birinchidan, kompaniyalar o'rtasida raqobat muhiti yo'q. Ikkinchidan, tariflar hamon yuqori. Uchinchidan esa, ko'rilgan zararni qoplab bermaslik holati hamon yuqoriligicha qolmoqda. Zararni qoplamaslikning sababi, har bir sug'urta tashkiloti shartnomani o'ziga moslashtirib tuzib oladi va mijozlarning manfaatlari ikkinchi darajali bo'lib qolgan.

Dunyoning barcha davlatlarida sug'urta faoliyati davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi. YA'ni, sug'urta faoliyati nazorati qonuniylik, oshkoralik, tashkiliy birlik tamoyillari asosida olib boriladi. SHuningdek, sug'urtaning aholiga foydasi va bu faoliyat bilan shug'ullanayotgan kompaniyalar iqtisodiyotni harakatlantiruvchi muhim kuchlardan biri ekani inobatga olinib, davlat sug'urta biznesi rivojini rag'batlantirishni o'z zimmasiga olgan.

Mamlakatimizda sug'urta faoliyati tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, qonunchilik bilan tartibga solinadigan me'yoriy baza, uning uslubiy vositalari bugungi kunda sug'urta bozoridagi sifat o'zgarishi talablaridan ortda qolmoqda. Sug'urta jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bozor iqtisodi shakllangan mamlakatlarida kuzatiladigan darajada ta'sir ko'rsatmayapti. Buning sababi, respublikamizda sug'urta faoliyati rivojiga to'siq bo'luvchi omillar ta'siri hamon yuqori hamda bu sohada nazorat funktsiyasi takomillashmagan, ya'ni uslubiy vazifalarni bajaruvchi nazorat shakllanmagan.

Sug'urta xizmatlarining ma'lum segmentiga bog'lanib qolgani, hayotni sug'urta qilish va aholining keng qatlamlarini qamrab oluvchi yo'nalishlarning rivojlanmagani, menejmentning pastligi, raqobatning yo'qligi ham sug'urta bozori rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. SHuningdek, aholining sug'urta xizmatlari bo'lgan ishonchi juda past, sug'urta madaniyati shakllanmagan.

ekspertlarning baholashicha, mamlakatimizda bugungi kunda ehtimoliy sug'urta ob'ektlarining atigi 1 foizdan kami sug'urta qilinadi, xolos. Rivojlangan davlatlarda esa bu ko'rsatkich 90-95 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari, sug'urtalovchilar taklif qilayotgan xizmatlar turi 50 xil atrofida va bu xorijnikidan bir necha barobarga kam. Bundan ko'rinib turibdiki, mamlakat iqtisodiyotida sug'urta bozori salmoqli o'rinni egallamayapti. Sanoati rivojlangan davlatlarda sug'urtaning YAlpi ichki mahsulotdagi ulushi 8-10 foizni tashkil qiladi. Rossiyada bu ko'rsatkich 3 foiz bo'lsa, O'zbekistonda 0,4 foizdan ham oshmaydi.

Davra suhbati yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinib, qonun loyihasini xalq vakillari tomonidan kontseptual jihatdan ko'rib chiqish uchun keyingi yalpi majlisga kiritish maqsadga muvofiq ekani ta'kidlandi.

 

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                               Jahongir ABDURASULOV,

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                       Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati