Odamlarni Haj va Umraga “Saudiya safari” degan nom ostida yuborayotgan turfirma rahbari ushlandi

    U navbatdagi mijozlaridan 19 ming dollar olayotgan paytda qoʻlga olindi.

    Toshkent shahrida fuqarolarni haj va umra safariga “Saudiya safari” degan nom ostida aldov yoʻli bilan yuborayotgan turfirma rahbari ushlandi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum boʻlishicha, u navbatdagi mijozlaridan haj safariga yuborish va haj vizasini qilib berish evaziga 19 ming dollar olayotgan boʻlgan.

    «Mening vazifam odamlar bilan gaplashish, ularga tushuntirish va ularni chaqirib berish boʻlgan. Bir mijoz telefon qilib, ota-onasiga haj yoʻllanmasini sovgʻa qilmoqchi ekanligini aytdi. Odam boshiga 3 ming dollar berishini aytdim. Ular kelib, 19 ming dollar berdi. Oldi-berdi qilayotganimizda ichki ishlar xodimlari kelib qoʻlga olishdi.
    Umra masalasi boʻyicha rahbarimizga aytganman, litsenziyamiz yoʻq, nima qilamiz deb. Ular Saudiya safari tashkil qilishimizni, Madina, Makka shaharlarini aylantirishimizni aytganlar. Shunday qilib olib borsak boʻladi, umra qilish-qilmaslik odamlarning xohishi deganlar. Ramazon oyida 300 kishini uchirdik. Rahbarimiz Saudiya safari deb ayting deganlariga shunday deb aytganman», deydi turfirma xodimi.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik juda koʻp miqdorda) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.