Ha, u nafaqat Namangan, balki Oʻzbekiston iftixor etsa arzigulik inson. Uning mamlakat futbolini butun jahonga tanilishidagi hissasi katta. U qaysi mamlakatning qay bir jamoasida toʻp surmasin, Oʻzbekiston farzandi, oʻzbek futbolchisi ekanini takrorlanmas gollari va tezkorlik bilan amalga oshirilgan hujumlari bilan millionlab muxlislar mehrini qozondi.

Bugun Odil Ahmedov har bir boʻlajak futbolchi uchun afsonaviy qahramonga aylangan. Chunki u toʻp surgan barcha professional jamoalarda oʻziga bildirilgan ishonchni oqladi.

Xoʻsh, Odil Ahmedov bunday muvaffaqiyatlarga qanday erishdi? Bu faqat omadning natijasi edimi yoki...

Namangan davlat universitetining “Press klub”i tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida ana shu savollarga javob topildi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi faxriy unvoni sohibi, “Odil junior” akademiyasi asoschisi Odil Ahmedov talaba-yoshlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha va batafsil javob berar ekan, gʻalabalar, yutuqlar, omad va mashhurlik – barcha-barchasiga oʻz mehnati, sabr-matonati, shijoati hamda ota-onasi, yaqinlari, xalqining duosi bilan erishganini alohida taʼkidladi.

Aytib oʻtish oʻrinliki, Namangan viloyatida tashkil etilganiga hali koʻp vaqt boʻlmagan “Odil junior” akademiyasi butun respublikaga tanilib ulgurdi. Akademiya tarbiyalanuvchilarini saralab olish tartibi, ular bilan boʻlib oʻtadigan mashgʻulotlar, kutilayotgan natija xususidagi yoshlarni qiziqtirgan savollarga ochiqlik bilan javob qaytargan davra suhbati mehmoni maqsadi oʻzbek futbolini butun dunyoga tanitish, milliy terma jamoaga munosib futbolchilarni yetishtirib berish va jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqishdan iborat ekanini eʼtirof etdi.

Oʻz navbatida, Odil Ahmedov mamlakat futbolini rivojlantirishdagi mavjud muammolar, ularning yechimi haqida ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Davra suhbati yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Talabalar “Press klub” vakillariga bu kabi tadbirlarni kelgusida yanada koʻproq tashkil etish taklifini bildirishdi.

Sanjarbek Hamidov.