Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 18 Yanvar 2023 2047

    “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–11-son, 16.01.2023-y.) qabul qilindi.

    Farmon bilan 2023 – 2026-yillarga moʻljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.

    Strategiya doirasida sudlar faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron maʼlumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish odil sudlovni taʼminlashning vazifalaridan biri etib belgilandi.

    Farmonga koʻra, sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash choralari belgilanadi.

    Quyidagilar Odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi etib belgilandi:

    ▫️Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini taʼminlash boshqarmalari;
    ▫️Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini taʼminlash boʻyicha tegishli boʻlim va tarmoqlari;
    ▫️tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yoʻnalishlar boʻyicha tegishli oʻrinbosari va yordamchilari.

    Oliy Sud tizimida Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etiladi.

    Shuningdek, 2023 – 2026-yillarga moʻljallangan sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi.