Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes:
— Biz oʻyinga tayyormiz, Avstraliya dastlabki ikki bahsda bir-biridan farq qiluvchi uslubga ega jamoalar bilan normal oʻyin koʻrsatdi. Raqib jarima maydoni yaqinida bemalol harakat qilishdi. Biz bunga yoʻl qoʻymaymiz. Ular oʻyinni yaxshi tashkil qilishadi, standart vaziyatlarda juda xavfli. Bu jihatlarga koʻproq urgʻu berishimiz kerak. Avstraliyaliklar agressiv oʻyin koʻrsatishadi. Eng muhimi futbolchilar har qanday vaziyatga tayyor turishlari kerak. Oʻylaymanki, oʻz imkoniyatlarimizdan unumli foydalanamiz.
Qaysi oʻrinni egallab pley-offga chiqishimizning ahamiyati yoʻq. Keyingi bosqich uchun raqib tanlab, hisob-kitob qilish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Futbolchilardan doimo professional boʻlishni talab qilganman. Oʻylashimcha, keyingi bosqichda boshqa jamoalar ham bizga raqib boʻlishdan xursand boʻlmaydi. Biroq oʻyin natijasi juda koʻp jihatlarga bogʻliq.
Afsuski, Sherzod Nasrullayev ertangi bahsni oʻtkazib yuboradi. Biz katta ehtimol bilan pley-off masalasini hal qilib boʻldik, yigitlarga bosim yuklamaymiz. Albatta, har qanday raqibga qarshi oʻz oʻyinimizni koʻrsatishga va gʻalaba qozonishga harakat qilamiz va bor kuchimizni maydonda koʻrsatamiz.
Odiljon Hamrobekov:
— Musobaqa yuqori saviyada, qiziqarli oʻyinlar va kutilmagan natijalar bilan davom etmoqda, Ertaga bizni qitʼamizda oʻz oʻrniga ega, yaxshi shakllangan jamoaga qarshi bahs kutib turibdi. Jamoamizda ichki muhit zoʻr, avvalgi oʻyindagi gʻalaba ham bunga asosiy sabablardan biri. Statistika bu shunchaki raqamlar xolos, Avstraliyaga qarshi yomon anʼanaga chek qoʻyamiz.
Har qanday jamoa singari biz ham oʻz oldimizga yuqori maqsad qoʻyganmiz, oʻyinda hamma narsa boʻlish mumkin, futbolda hammaning imkoniyati teng va maydonda keyingi uchrashuvdagi raqibni oʻylash uchun umuman vaqt boʻlmaydi.