Ushbu yuqumli xastalik mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan koʻrsatmalar asosida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish, hududlarda sanitar-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha qisqa muddat ichida kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Ming afsuski, butun dunyo koronavirus pandemiyasi tahlikasida turgan bir vaziyatda, Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol, Sirdaryo viloyatida suv toshqini keltirib chiqargan jiddiy talafotlar el-yurtimizning matonatini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi.

Koʻpni koʻrgan, qiyinchiliklarda toblangan xalqimiz bu ofatlarni ham yorugʻ yuz bilan yengib oʻtdi.

Yaqinda “Oʻzbekiston” nashriyotida chop etilgan “Ofat va matonat” nomli yangi kitobda murakkab pandemiya sharoitida mamlakatimizda kechgan tarixiy jarayonlar, xususan, davlatimiz va hukumatimiz tomonidan bu ofatga qarshi kurashish maqsadida ishlab chiqilgan tezkor va dolzarb chora-tadbirlar, amalga oshirilgan ezgu va xayrli tashabbuslar, kutilmagan tabiiy va texnogen ofatlarni ulkan mardonalik, sabr va matonat bilan yengib oʻtgan bagʻrikeng va olijanob xalqimizning ezgu fazilatlari haqida hikoya qilinadi.

Yana bir ahamiyatli tomoni, ushbu salmoqli nashr hali dunyo miqyosida davom etayotgan murakkab pandemiya sharoitida barchamizni ogoh boʻlishga, sinovli kunlardan munosib saboq chiqarib, orttirilgan hayotiy bilim va tajribalardan samarali foydalanishga daʼvat etadi.