Aksariyat ofis xodimlari bosh ogʻrigʻi, surunkali charchoq, koʻz achishishi yoki qizarishi, bel va boʻgʻim ogʻriqlari, qorin dam boʻlishi hamda oyoq uvishishi kabi muammolardan shikoyat qiladi. Ushbu holat zamonaviy tibbiyotda “ofis xodimi sindromi” deyiladi.
Albatta bu muammo oʻz-oʻzidan yuzaga kelmaydi. Xususan, xizmat taqozosi bilan bir joyda oʻtirib ishlaydigan kishilar kamharakat boʻlishadi. Bilamizki, jismoniy faollik sust boʻlsa, tanada qon aylanishi meʼyorda kechmaydi. Oqibatda insonda ortiqcha vazn va semizlik kelib chiqadi.
Shuningdek, harakatsiz holatda (koʻpincha engashib oʻtirish) uzoq vaqt oʻtirilganda boʻgʻimlar “qotib” qoladi. Qon yetib kelishi toʻliq bajarilmagani bois oyoq uvishadi. Shu bilan birga, mazkur holat bavosil tugunlarining hosil boʻlishi, kichik tos aʼzosi bezovtaliklari hamda vena qon tomirlarida varikoz kengayishiga olib keladi.
Bundan tashqari, uzoq vaqt bir joyda va kompyuter qarshisida oʻtirib ishlash tufayli organizmda yana bir muammo – quruq koʻzlar sindromi paydo boʻladi. Oqibatda koʻz ichi qizarishi (achishish, yoshlanish) holati koʻp kuzatiladi.
Xoʻsh, bunday muammolardan xalos boʻlish uchun qanday tavsiyalarga amal qilish zarur?
Avvalo, xonada stol, stul va kompyuterning toʻgʻri joylashishiga eʼtibor berish kerak. Bel va boʻyin ogʻriqlarining oldini olish uchun kompyuter monitorini koʻzning tekisligida oʻrnatish va stulning belga yordam beruvchi orqasi boʻlishiga ahamiyat berish lozim.
Har bir ofis xodimi ish vaqti davomida (imkon qadar har bir-ikki soatda) 5-10 daqiqalik tanaffus qilishi maqsadga muvofiq. Bu paytda bir necha marotaba oʻtirib, turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat mili boʻylab aylantirish, lift oʻrniga zinadan foydalanish tavsiya etiladi.
Bel ogʻriqlaridan himoyalanishda kursi suyanchigʻiga maxsus ortopedik yostiq oʻrnatish maqsadga muvofiq. Hatto, bunday yostiqlar bavosil bilan ogʻrigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi.
Har ikki soatda boʻyin mushaklari uchun mashq bajarilishi, boʻyin osteoxondrozi profilaktikasi hisoblanadi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida ogʻriq, uvishish kuzatilganida bunday mashqlar gʻoyat foydali.
Ofis xodimlarida tizza boʻgʻimlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda koʻp qolib ketishi oqibatida uning drenaj funksiyasi, oziqlanishi buziladi. Natijada artroz-boʻgʻim kasalligi kelib chiqadi. Shu bois oyoqlar holatini almashtirib turish, oʻtirgan holda velosiped harakatlarini oldinga va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib oʻtirish va chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarish kerak.
Kompyuterga uzoq vaqt qarash koʻzlar charchashiga olib kelishi sababli ularni oʻng, chap, tepa va pastga harakatlantirish, tez-tez yumib, ochish juda foydali. Muhimi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt oʻtirmaslik, har 20 daqiqada 20 soniya 6 metr masofaga qarash koʻzlar charchashining oldini oladi.