Kecha xabar berganimizdek, 25-avgust kuni Qarshining “Nasaf” klubi 1/8 final oʻyinini Turkmanistonning “Ahal” klubiga qarshi oʻtkazadi. “Nasaf” bu oʻyinda gʻalaba qozonsa Markaziy Osiyo mintaqasi gʻolibi sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri yarim finalga yoʻl oladi. Chunki Janub (Maldiv, Hindiston, Bangladesh) va ASEAN (Vyetnam, Tailand, Kamboja, Filippin) jamoalari oʻrtasidagi guruh bosqichi oʻyinlari mezbon hudud topilmagani hamda koronavirusning avj olishi tufayli oʻtkazilmagandi. Shu bois chorak final boʻlmaydi.

“Nasaf” “Ahal”ni yengsa, bugun tashlangan qurʼaga koʻra, Janub chempioni – Maldiv, Hindiston, Bangladesh klublaridan biri bilan oʻynaydi. Bir oʻyindan iborat bahs ham Qarshida oʻtadi. Bu jamoa ham magʻlub etilsa, qashqadaryolik futbolchilar oktyabr oyida Honkong chempioniga qarshi maydonga tushadi. Final bahsi esa Gʻarbiy zona vakili maydonida boʻlib oʻtadi.