Tribuna.uz tarqatgan xabarda aytilishicha, OFK rasmiy sayti Yevropaning kuchli klublarida oʻynayotgan osiyolik bir qator futbolchilarni eʼtirof etgan. Ular orasida “Roma” va milliy termamiz hujumchisi Eldor Shomurodov ham bor.

“Eldor Shomurodov Yevropaning eng kuchli ligalarida oʻzbekistonlik va markaziy osiyolik futbolchilar nimalarga qodir ekanligini isbotlab berdi.

2020-yilda Shomurodov Ilyos Zeytullayevdan keyin A Seriyada oʻynagan ikkinchi oʻzbekistonlik boʻlish uchun “Jenoa”ga koʻchib oʻtdi. Uning koʻk-qizil libosdagi oʻyini Joze Mourinyo eʼtiboriga tushdi va u Italiya poytaxtiga keldi.

27 yoshli futbolchi “Roma” safidagi debyutini “Fiorentina”ga qarshi oʻyinda (3:1) golli uzatma bilan nishonladi va mavsumni 39 oʻyinda 5 gol va 6 golli uzatma bilan yakunladi. May oyida Shomurodov UYEFA turnirida gʻalaba qozongan birinchi oʻzbekistonlik futbolchi boʻldi. Uning finaldagi ishtiroki va ikkita golli uzatmasi rimliklarga UYEFA Konferensiya Ligasining birinchi chempionligini qoʻlga kiritishiga yordam berdi”, deyilgan tashkilotning rasmiy saytida.