Biroz avval erkaklar oʻrtasida +109 kg vazn toifasida dast koʻtarish mashqi yakuniga yetdi. Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, unda hamyurtimiz Mirhosil Mirzaboyev 176 kg natija bilan kichik kumush medalga sazovor boʻldi.
U dastlab 165 kg, ikkinchi urinishida esa 170 kg toshni osonlik bilan koʻtardi. Soʻnggi urinishda Mirzaboyev biroz qiynalgan boʻlsa-da, 176 kg ogʻirlikni ham oʻziga boʻysundirishga muvaffaq boʻldi.
Biroq, eronlik Ali Rizo Yusufiy hamyurtimizdan bir qadam oldinda yurdi. U 166, 171 va nihoyat 177 kg ogʻirlikni zabt etdi va kichik oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Sovrindorlar uchligini ukrainalik Bogdan Taranenko yakunlab berdi, uning koʻrsatkichi 167 kg boʻldi.
Oldinda esa sportchilarni siltab koʻtarish mashqi kutib turibdi. Bu yoʻnalishda hamyurtimizga omad tilaymiz.