Bu eʼtiborga molik hodisa boʻlganligini bildirgan holda oʻtgan Tokio Olimpiadasida qatnashish uchun joriy etilgan reyting koʻrsatkichida yurtimizning 8 nafar ogʻir atletikachisi dastlabki Olimpiya kurashida qatnashgandi. Yakunda ularning 4 nafari Tokio-2020 oʻyinlarida qatnashish baxtiga erishgandi oʻshanda.

Bu gal Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishga nomzod sportchilar roʻyxatida 16 nafar ogʻir atletikachilarimiz borligi Oʻzbekiston sportida, xususan ogʻir atletika yoʻnalishida yangi sahifa ochilganligininng yorqin ifodasi hisoblanadi.

Ogʻir atletika boʻyicha Osiyo chempionati yakunlangandan keyin eʼlon qilingan reytingga binoan aksariyat vaznlardagi yetakchilik xitoylik sportchilarga tegishli boʻldi.

Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolaridan Akbar Joʻrayev va Rustam Jangabayev kuchli oʻnlikda qayd etilgan boʻlsa, Ruslan Nuruddinov va Tursunoy Jabborova yigirmatalik qatordan joy olishdi.

Olimpiya reytingiga kiritilgan

Doston Yoqubov 24-oʻrinda,

Nigina Adashboyeva 26-oʻrinda,

Sharofiddin Amriddinov 27-oʻrinda,

Muhammadqodir Toshtemirov 32-oʻrinda,

Adhamjon Ergashev 35-oʻrinda,

Nigora Abdullayeva 32-oʻrinda koʻrinish berishgan.

Shuningdek, Ogʻabek Nafasov, Diyorbek Roʻzmetov, Ogʻabek Toʻxtayev, Sunnatilla Oʻsarov, Xojiakbar Olimov, Qurbonmurod Nomozov oʻz vaznlarida Parij-2024 pogʻonasidan oʻrin olganligi eʼtiborli holat ekanligini qayd etmoq joiz.

Shu oʻrinda aytish lozim, Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi Olimpiya saralash tizimiga muvofiq, sportchi Parij-2024 da ishtirok etish uchun kelgusida ikkita majburiy hamda beshtadan uchta ixtiyoriy xalqaro musobaqada qatnashishi kerak boʻladi. Bu, joriy yil 2-17-sentyabr kunlari Saudiya Arabistonida oʻtadigan Jahon chempionati va keyingi yil aprel oyida Tailand mezbonligidagi Jahon kubogi sanaladi.

Parij-2024 Olimpiadasining beshta ixtiyoriy musobaqalaridan biri boʻlgan Osiyo chempionati aynan kelgusi yil 20-27-fevral kunlari poytaxtimiz Toshkentda tashkil etilishi belgilanganligi eʼtiborli voqealikdir.

Eslatib oʻtamiz, Parij-2024 Olimpiadasida ogʻir atletika musobaqalari erkaklar oʻrtasida beshta va ayollar oʻrtasida beshta vazn toifalarida boʻlib oʻtadi. Har bir vaznda aynan qaysi sportchi milliy terma jamoa tarkibida Olimpiya oʻyinlarida qatnashishini reytingdagi ballari hamda murabbiylar kengashi hal etadi.

Yurtimiz ogʻir atletikachilarining 16 nafari Parij-2024 reytingidan joy olishi mamlakatimizda iqtidorli sportchilarni saralash, ularga zarur shart-sharotilar yaratish borasida keng qamroqli ishlar samarali olib borilayotganligidan dalolat.