Qayd etilishicha, 2024-yil 26-aprelda tugʻilgan M.S.ga bir nechta tugʻma kasalliklar boʻyicha tashxis qoʻyilgan. Shu kunga qadar u Yekaterinburgdagi perinatal markazda davolangan.
Bemorda doimiy ravishda nafas yetishmovchiligi tufayli, u kun boʻyi namlangan isitiladigan kislorodni qoʻshimcha yetkazib beruvchi maxsus qurilmada saqlab kelingan.
Oʻtkazilgan maslahatlashuvlar natijasida va tibbiy komissiya xulosasiga koʻra, bolani mamlakatimiz perinatal markazlariga maxsus tibbiy yordam va kislorodli apparat koʻmagida olib borish zarurligi maʼlum boʻldi.
Hamyurtimizni Oʻzbekistonga joʻnatish uchun mamlakatimizning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi koʻmagida unga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirildi. Shundan soʻng chaqaloq va uning ota-onasi Bolalar milliy tibbiyot birlashmasi pediatri Jaxongir Usmanov hamrohligida davolanishni davom ettirish uchun Toshkentga joʻnatildi.