Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan suhbatlashish uchun terapevt-shifokor Hilola Abdullayevaga murojaat qildi.
— Ogʻiz qurishi nima?
— Bu holat tibbiyotda kserostomiya deb atalib, soʻlak bezlari faoliyatining buzilishi natijasida kelib chiqadi, — deydi H. Abdullayeva. — Soʻlak suyuqligi antibakterial xususiyatga ega boʻlib, ogʻiz boʻshligʻini turli xavfli infeksiyalardan himoyalaydi. Ogʻiz quriganda esa zararli mikroorganizmlar faolligi ortib, organizmda turli muammolar kelib chiqadi.
— Bu salbiy oʻzgarishlar nimalardan iborat?
— Bunday paytda, asosan, lablar yorilib, ogʻiz burchaklarida yaralar paydo boʻladi. Qolaversa, ogʻizdan yoqimsiz hid kelishi va u tishlarni yuvganda keyin ham ketmasligi mumkin.
Tilning qizarishi va taʼsirchan boʻlib qolishi, taʼm bilishning buzilishi, yutinish bilan bogʻliq qiyinchiliklar ham koʻpincha ogʻiz qurishining belgisi hisoblanadi. Shuningdek, bu paytda ovqat hazm qilish faoliyati buzilib, oʻtkir respiratorli infeksiyalar va LOR kasalliklari xavfi ham ortadi.
Shu bilan birga, ogʻiz qurishi kariyes, milklarning shamollashi kabi tish bilan bogʻliq kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Eng yomoni, bu holat inson salomatligida jiddiy muammolar borligi va bir necha xavfli kasalliklar rivojlanayotganidan darak beradi.
— Ushbu kasalliklar haqida kengroq maʼlumot bersangiz.
— Eng avvalo shuni aytish kerakki, ogʻiz qurishi qandli diabetning erta va keng tarqalgan belgilaridan biri hisoblanadi. Kasallik payti glyukoza taʼsirida hujayrlardan qon oqimiga suyuqlik chiqishi tezlashib, peshob ajralishi kuchayadi. Natijada organizm tezroq suvsizlanib, chanqoqlik va ogʻizda doimiy quruqlik hosil boʻladi. Bu holat, ayniqsa, kechasi va ertalab koʻp kuzatiladi.
Shuningdek, burundan yaxshi nafas ololmaslik natijasida ham ogʻiz qurishi mumkin. Yaʼni, muntazam ravishda ogʻizdan nafas olish uning shilliq qavati qurishiga olib keladi.
Qolaversa, ogʻiz boʻshligʻi disbakteriozi, turli yuqumli va autoimmun kasalliklarga chalinish, antibiotiklar, antigestaminlar, antidepressantlar, diareya, Parkinson va boshqa asab xastaliklarni davolash uchun ishlatiladigan dorilar, yuqori qon bosimi payti ichiladigan ayrim preparatlar, nur yoki kimyo terapiyasi, muntazam spirtli ichimlik isteʼmol qilish va kuchli stress ham ogʻiz qurishiga sabab boʻlishi mumkin.