Tashrifning ikkinchi kunida Yongsan gospitalining urologiya, endokrinologiya, anesteziologiya hamda nevrologiya sohasi mutahassislari Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalari bilan uchrashdi. Uchrashuv avvalida mehmonlar mazkur hamkorlik oʻtgan yili boshlanganini etirof etdi. Oʻshanda akademiya rektori A.Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar chogʻida memorandum imzolanib, bir necha yoʻnalishda hamkorlik yuzasidan yoʻl xaritasi tuzilgandi. Shunga koʻra, TTA tasdiqlagan tashrif dasturi ijrosi yuzasidan Pusan Milliy universiteti Yongsan gospitali mutaxassislari oʻquv seminarlari boshlandi.

Xalqaro seminar doirasida urologiya, nevrologiya va tibbiy psixologiya, 2-sonli ichki kasalliklar va endokrinologiya, anesteziologiya va reanimatologiya kafedralari professor-oʻqituvchilari, doktorant hamda talabalari uchun mahorat darslari ham oʻtkazildi. Mehmonlarga Toshkent tibbiyot akademiyasining yangi, zamonaviy va muhtasham oʻquv binosi, klinik bazasi hamda ilgʻor tibbiy uskunalar bilan jihozlangan Simulyatsiya markazi koʻrsatildi.

Xalqaro seminar soʻngida Pusan Milliy universiteti Yongsan gospitali vakillariga “Toshkent tibbiyot akademiyasi faxriy professori” unvoni topshirildi. Toshkent tibbiyot akademiyasi mutasaddilari Pusan Milliy universiteti Yongsan gospitali vakillari bilan kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida muzokaralar olib bordi.