Har birimiz hayotimizda hech boʻlmaganda bir marta tish ogʻrigʻi, bosh ogʻrigʻi va mushak ogʻrigʻiga duch kelamiz. Olimlarning taʼkidlashicha, ogʻriqni eʼtiborsiz qoldirish miyadagi asab hujayralarining yemirilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, chidash emas, ogʻriq qoldiruvchi vositalarni qabul qilish yaxshiroqdir. Lekin ularning qoʻllanilishida oʻlchovni bilish muhimdir. Ogʻriq qoldiruvchi vositalarni muntazam ravishda, koʻp miqdorda va har qanday sababga koʻra ishlatish xavfli.
Bu dorilar haqida hamma bilishi kerak boʻlgan bir nechta faktlar:
Bosim koʻtariladi
Steroid boʻlmagan ogʻriq qoldiruvchi dorilarni muntazam ravishda qabul qilish qon bosimini oshiradi, bu esa infarkt va insult xavfini keltirib chiqaradi.
Ovqat hazm qilishning buzilishi
Ogʻriq qoldiruvchi vositalar ovqat hazm qilish tizimida turli xil muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ularning eng keng tarqalgani gqorin dam boʻlishi va koʻngil aynishdir. Ammo boshqa asoratlar – oshqozon yarasi va eyeroziya ham paydo boʻlishi mumkin. Muayyan xavf shundaki, muammolar uzoq vaqt davomida oʻzini namoyon qilmasligi mumkin, chunki ogʻriq belgilari analgetik tomonidan bostiriladi.
Tromb shakllanishi
Baʼzi yalligʻlanishga qarshi dorilar tarkibida oshqozon-ichak trakti bilan bogʻliq muammolar xavfini kamaytiradigan tarkibiy qismlar mavjud, ammo ayni paytda ular gemapoez – qon hujayralarining hosil boʻlishi bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqaradi, trombotsitlar agregatsiyasini kuchayishi esa qon tromblarining shakllanishiga olib keladi.
Ayniqsa, qandli diabet, ateroskleroz yoki varikoz tomirlari bilan ogʻrigan odamlar ogʻriq qoldiruvchi vositalarni qabul qilishda ayniqsa ehtiyot boʻlishlari kerak.
Koʻrish muammolari
Steroid boʻlmagan ogʻriq qoldiruvchi vositalar odamning koʻrish qobiliyatiga taʼsir qilishi mumkin. Ular koʻz yoshi suyuqligining chiqishini kamaytiradi, buning natijasida koʻz shilliq qavati quriydi va koʻz toʻqimalari suvsizlanadi.
Allergiya xavfi
Agar siz bir vaqtning oʻzida bir nechta ogʻriq qoldiruvchi dori vositalari qabul qilinsa, yanada jiddiy muammolar paydo boʻlishi mumkin. Xususan, allergik reaksiyalar – toshmalar, Kvinke shishi va hatto anafilaktik shok xavfi oshadi. Bunday alomatlar bitta dozadan keyin ham, uzoq muddatli foydalanish fonida ham yuzaga kelishi mumkin.
Jigarga taʼsiri
Bir nechta analgetiklarni bir vaqtning oʻzida qabul qilish jigarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Agar ogʻriq qoldiruvchi vositalar qabul qilgan vaqtda spirtli ichimliklar isteʼmol qilinsa, jigar yetishmovchiligining rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Ogʻriq yoʻqoladi, sabab qoladi
Va eng muhimi: ogʻriq qoldiruvchi vositalarni qabul qilishda ogʻriq sindromi odatda yoʻq qilinadi, ammo ogʻriqning sababi qoladi. Va ogʻriq – bu tananing miyaga sogʻliqda muammolar borligini yetkazish reaksiyasi. Ogʻriq sindromining doimiy “bosilishi” oʻz vaqtida boshqa kasallikning alomatlarini ham bostirishi mumkin-appenditsit eng xavflilaridan biri sanaladi.
Ogʻriq qoldiruvchi vositalarning bir dozasi tanaga sezilarli salbiy taʼsir koʻrsatmaydi. Ammo ogʻriq muntazam ravishda paydo boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashish va tekshiruvdan oʻtish kerak.
Dilfuza Ergasheva