Bojxona organlari tomonidan giyohvand vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash jadal tusda davom ettirilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi DXX boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Toʻrtkoʻl tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, uning boshqaruvida boʻlgan fuqaro Ch.A. belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.

Natijada, fuqaro ustidagi qora rangli sport kiyimining oʻng choʻntagida jami 3 dona polietilen oʻramda qora rangli, oʻtkir hidli “opiy” giyohvandlik vositasiga oʻxshash modda borligi aniqlandi.

Shuningdek, ushbu avtotransport vositasi yukxonasidagi ehtiyot qismlar sumkasi ichiga yashirilgan 1 dona elektron tarozi va 1 litr sigʻimli gaz balon ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olindi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV EKBning xulosasiga koʻra, ushbu moddalar sof ogʻirligi 99,42 grammni tashkil etuvchi opiy giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi.