Davlatlarning zamonaviy rivojlanishi iqtisodiyotda innovatsiyalar va yuqori texnologiyalarning naqadar keng o'rin olgani bilan chambarchas bog'liq. YUqori texnologiyalar bozori shiddat bilan taraqqiy etayotgan davrimizda har bir mamlakat — xoh taraqqiy etgan bo'lsin, xoh rivojlanayotgan — unda o'z o'rnini egallashga harakat qilmoqda. O'zbekiston ham bundan istisno emas.
Prezidentimiz Toshkent viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati va olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanisharkan, qishloq xo'jaligi sohasida mehnat qilish fermerlarga, xususan, aholiga foyda keltirishi, shu bois uni rivojlantirish zarurligi haqida so'zladi. Bu aynan shu jabhaga innovatsiyalarni joriy etish orqali raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, resurslarni tejashni talab etadi.
Davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga safari chog'ida yangi ish o'rinlari yaratish, yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini orttirish va innovatsion faoliyatga jalb qilish maqsadida joriy yil davomida har bir viloyatda bittadan iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotgan tumanni innovatsion hududga aylantirish vazifasini bergandi. Ushbu topshiriqqa binoan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan CHust, Do'stlik, Karmana va Marhamat tumanlarida hudud xususiyatlariga mos innovatsion ishlanmalarni joriy qilish bo'yicha dastlabki sa'y-harakatlar boshlandi.
Prezidentimiz CHirchiq shahrini zamonaviy innovatsiyalar va investitsiyalar shahriga aylantirish, shu namuna asosida viloyatning boshqa shaharlarini ham kompleks rivojlantirish bo'yicha dasturlar ishlab chiqish vazifasini qo'ydi. Aynan mana shu andazaga ko'ra, davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi oldidan o'rganishlar asosida innovatsion rivojlantirish bo'yicha Ohangaron tumani tanlab olindi. U viloyatning eng rivojlangan tumanlaridan bo'lib, asosan, qishloq xo'jaligiga ixtisoslashtirilgan. SHuningdek, sanoati ham rivojlangan. Umumiy maydoni 3,17 ming kvadrat kilometr, aholisi 96,2 ming nafar, mahalliy byudjet xarajatlari 68,4 milliard so'mga teng. Poytaxtni Farg'ona vodiysi bilan tutashtiradigan yo'lda joylashgani tumanda joriy etilgan innovatsiyalarni keng yoyish imkonini beradi.
Muayyan hududning iqtisodiy-ijtimoiy hayotiga foydali ishlanmalarni joriy etish, yangi innovatsion mahsulot va texnologiyalarni olib kirishda o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqish va uning o'sish nuqtalarini hisobga olish o'ta muhim. Ohangaronda ana shunday o'ziga xos o'sish nuqtalari mavjud. CHorvachilik va ozuqa etishtirishga yo'naltirilgan qishloq xo'jaligi, sanoatlashtirish va xizmatlar sohasini rivojlantirish, inson kapitalini taraqqiy ettirish uchun yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, kasb-hunarga o'rgatish orqali ishsiz yoshlar bandligini ta'minlash shular jumlasidandir.
Bugungi kunda Ohangaronda chorvachilikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Tumanda 67,5 ming bosh yirik shoxli va 216,3 ming bosh mayda shoxli mol mavjud bo'lib, chorva ozuqasiga talab tobora ortmoqda. Hududda chorva ozuqasi tannarxi yuqoriligi va sifati etarli darajada emasligi bois aynan mana shu sohaga ilm-fan natijalarini joriy etish zaruriyati katta. Buning uchun omixta em va em qo'shimchalarini ishlab chiqarish orqali ozuqa zaxirasini tayyorlashga erishish mumkin.
Innovatsion rivojlanish vazirligining moliyaviy ko'magi asosida “New Ecological Feed” MCHJ korxonasi o'simliklarni sun'iy quritish texnologiyasini Ohangaronda joriy etish taklifini bildirmoqda. Ushbu loyiha beda, makkajo'xori, afrika qo'nog'i, sorgo kabi yigirma xil ozuqabop o'simlikni sun'iy quritish yo'li bilan qayta ishlov berishga qaratilgan bo'lib, ishlab chiqarish quvvati yiliga 835 tonnani tashkil qiladi. YAshil massani quritish jarayonida o'simliklar tarkibidagi 70 foiz foydali moddalar yo'qotilishi kuzatiladi va natijada ozuqa sifati pasayadi. Mazkur innovatsion texnologiya yordamida sun'iy usulda quritilganida o'simliklar tarkibidagi barcha foydali moddalar saqlab qolinadi. Loyihani amalga oshirish orqali tumanda o'nta ish o'rni ochish va bir gektar erdan 25–30 tonnagacha tayyor mahsulot olish rejalashtirilgan.
CHorvachilik salohiyatini o'rganish jarayonida Ohangaron tumanida jundor (merinos) qo'ylar kamligi va mavjud go'shtdor, serjun qo'ylarning yungini qayta ishlash umuman yo'lga qo'yilmagani e'tiborimizni tortdi. CHorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Ohangaron bo'limi mutaxassislari ko'magida to'qimachilik sanoatida ishlatiladigan mayin yungli va gilamchilik sanoatida qo'llanadigan yarim mayin junli qo'ylarning urug'idan foydalanib, jaydari qo'ylarni sun'iy urug'latish orqali zotdor qo'ylar sonini 10 ming boshga etkazish imkoniyati mavjud. Natijada yiliga 65 tonna sof jun olinadi.
Bundan tashqari, Rossiyadan sergo'sht, jundor, mayin yungli, merinos zotli 200 bosh (20 ta qo'chqor, 180 ta qo'y) mayda shoxli chorva olib keltirish zarur. SHuningdek, tumanda junni birlamchi qayta ishlovchi minitexnologiyalardan foydalangan holda qo'shimcha qiymatli daromadga erishiladi. Olimlarning ushbu ishlanmasini tijoriylashtirish uchun maqsadli mablag' ajratish orqali tumanda chorvachilik yo'nalishida sun'iy urug'lantirish texnologiyasi keng yo'lga qo'yiladi.
Tumanda chorvachilikni rivojlantirish emish masalasini hal etish bilan bog'liq. Aynan chorva ozuqasining narxi va sifati go'shtning tannarxini belgilovchi muhim omillardan biridir. Bu o'rinda Andijon viloyatida tashkil etilgan Marhamat innovatsion poligoni olimlari ishlab chiqqan, an'anaviy usulda tayyorlanadiganiga nisbatan ozuqaviylik miqdori sakkiz, hajmi uch marta yuqori bo'lgan silos tayyorlash tajribasidan foydalanish ayni muddao. Buning uchun makkajo'xori, amarant va igna o'simliklari aralashtirib ekiladi. Hosil etilgach, maydalanib, 60 kilogramdan zichlanib plyonkalarga o'raladi. Bu loyihani amalga oshirish uchun an'anaviy usulda silos etishtiradigan fermer xo'jaliklariga ushbu texnologiyani kiritish va qiymati 40 million so'm bo'lgan maxsus moslama xarid qilish zarur.
Tumanda 137,7 ming gektar er qishloq xo'jaligiga tegishli bo'lib, 32,6 ming gektari ekin maydonidir. SHundan 4,3 ming gektar erning holati yaxshi emas. Ushbu erlardan samarali foydalanib, fermer xo'jaliklari uchun zarur ozuqa-em etishtirish uchun CHorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Ohangaron bo'limi olimlari ishlab chiqqan, kasallik va zararkunandalarga chidamli, ozuqabop lavlagining O'zbekiston-83 navi urug'chiligini tashkil qilish va uni keng maydonlarda ekish zarur. Ushbu navning muhim jihati sermahsulligida bo'lib, dastavval ekiladigan 20 gektar er maydonidan 160 tsentner mahsulot olinadi. Tumandagi barcha fermer xo'jaliklarini elita urug'lik bilan ta'minlash uchun bir gektar maydonda etishtirilgan urug'lik kifoya. Natijada yaqin yillarda tumanda sut mahsuldorligini 10–15 foizga oshirish mumkin.
Tumanning lalmikor, suv tanqis hududlarida CHorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Ohangaron bo'limi olimlari ishlab chiqqan, qashqarbedani boshoqli ekinlar bilan aralash etishtirish texnologiyasini qo'llash orqali bir gektar erdan bir o'rimda 400 tsentner aralash ko'k massa va ikki-uch o'rimlarda 500 tsentner ko'k massa olish imkoni mavjud. Bu 20 ta qo'y uchun bir yilga etgulik ozuqa bo'ladi hamda har bir gektar erdan besh million so'm sof foyda olish imkoniyatini beradi.
Ohangaron tumanida ikkita yirik sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, qurilish materiallari sanoati etakchi hisoblanadi. TSement ishlab chiqaruvchi korxonalar bazasida yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali samaradorlikni oshirish, tsement narxini barqarorlashtirish muhim ahamiyatga ega.
Tuman tsement sanoatida energiya resurslari tejamkorligini oshirish maqsadida “O'zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati qoshidagi ilmiy-tadqiqot muassasasi olimlari ishlab chiqqan, sanoat pechi uchun mo'ljallangan 200 million so'mlik maxsus gaz gorelkasi qo'llanadi. Natijada tabiiy gaz iste'moli besh foiz qisqaradi. Birgina “Ohangarontsement” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan yiliga 225 million kub metr tabiiy gaz ishlatiladi. Mazkur ishlanma amaliyotda qo'llansa, yiliga 11,25 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Buncha gaz taftidan 11 ming 250 xonadon bir yil bahramand bo'lishi mumkin. Iqtisodiy samaradorlik esa yiliga 4,5 milliard so'mni tashkil etadi.
SHuningdek, “Ohangarontsement” kompaniyasiga Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari ishlab chiqqan, sul`fatga chidamli tsement tayyorlash texnologiyasini o'zlashtirish taklif etilyapti. Ushbu texnologiyani qo'llash orqali klinkerni yiliga 40 foizgacha iqtisod qilish imkoniyati paydo bo'ladi.
Prezidentimiz Toshkent viloyatiga tashrifi chog'ida hududdagi kommunal xizmatlarga ham e'tibor qaratdi. Jumladan, suvdan unumli foydalanish, ayniqsa, ichimlik suvni tejab ishlatishga alohida urg'u berildi. Bu sohaga ham innovatsion texnologiyalarni jalb qilish juda katta ahamiyatga ega.
Sun'iy yo'ldoshdan foydalanib, erosti ichimlik suv quvurlaridagi nosozliklar va suvning sizib chiqishini aniqlash hamda kommunal trassalarning haqiqiy erosti xaritalarini tuzish, quvurlardagi nosozliklarni erni kovlamasdan, innovatsion polimerlar yordamida tuzatish bo'yicha Isroil tajribasi vazirlik tomonidan yurtimizga transfer qilingan edi. Hozir bu texnologiyalar O'zbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi hamda Toshkent shahri hokimligi bilan hamkorlikda mamlakatimizda tashkil qilingan “Maya International Infrastructure” qo'shma korxonasi tomonidan Toshkent shahrida dastlabki aprobatsiyadan o'tkazildi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Ohangaron tumanining ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 55 foiz bo'lib, hududdagi umumiy 112,1 kilometr ichimlik suv quvurining oltmish foizi ta'mirtalab. Suvning isrof bo'lishi hajmi esa yiliga 4 million 800 ming kub metrga etmoqda. “Maya International Infrastructure” qo'shma korxonasining innovatsion texnologiyalari Ohangaron tumaniga olib kiriladi. Olingan ma'lumotlar qayta tahlil etiladi va nosozliklar innovatsion polimerlar yordamida bartaraf qilinadi.
Isroil texnologiyasi yordamida erosti infratuzilma ob'ektlari — suv, gaz, kanalizatsiya quvurlari, telekommunikatsiya va elektr tarmoqlarini xaritaga tushirish orqali erosti xaritasi yaratiladi. Bu ichimlik suvning erostiga sizib, isrof bo'lishi hamda shahar infratuzilmasiga zarar etkazishining oldini olishga yordam beradi.
Kelgusida ushbu sun'iy yo'ldosh texnologiyasi bosqichma-bosqich Toshkent viloyatining ettita shahrida joriy etiladi va erosti suv quvurlaridagi nosozliklarni aniqlash orqali yiliga 62,3 million kub metr ichimlik suv (59,2 milliard so'm) tejaladi. Bu maqsad uchun umumiy 10 milliard so'm mablag' talab zarur. Hozir bu mablag'ning ajratilishi va aniq manbalari tegishli vazirliklar bilan muhokama qilinmoqda.
Mamlakatimizda yoshlarni ish bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu jarayon esa mavjud mehnat resurslarining malakasi, tajribasiga bog'liq. Ohangaron tumanida ish bilan ta'minlanmagan 1998 nafar yosh mavjud bo'lib, ularni mehnat bozorida katta talabga ega kasblarga o'qitish zarur. Mana shu masalani echish uchun tumanda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan Ohangaron yoshlar texnoparkida robototexnika, komp`yuter savodxonligi, 3D prototiplash va dasturlash bo'yicha o'quv kurslari tashkil qilinadi. Mazkur kurslarda muvaffaqiyatli ta'lim olgan iqtidorli yoshlar kelgusida nafaqat O'zbekiston, balki dunyo miqyosida faoliyat yuritadigan mutaxassislar bo'lib etishadi.
Innovatsion hududga aylantirishda Ohangaron tumanining mahalliy byudjet xarajatlaridan bir foizi (680 million so'm) innovatsion faoliyatga yo'naltiriladi. Ushbu mablag' hisobidan tumanda innovatsion faoliyatni samarali tashkil qilish uchun tuman hokimi o'rinbosari lavozimi ham joriy etiladi. Umuman olganda, ilm-fan, biznes va ishlab chiqarishning o'zaro uyg'unlashuvi natijasida Ohangaron innovatsion hududida g'oyalar tayyor tijoriy mahsulotga aylantiriladi. Bu, o'z navbatida, tuman atrofidagi hududlarning ham innovatsion rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ibrohim ABDURAHMONOV,
innovatsion rivojlanish vaziri