Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi “Qiziloy” mahallasi hududida yangi sement zavodi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi. Bu loyiha “Toshkent conch cement” masʼuliyati cheklangan jamiyati va Xitoyning “CONCH” korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
— Xitoyning katta tajribaga ega kompaniyasi bilan hamkorlik qilyapmiz. Sement ishlab chiqarish loyihasiga tumandagi “Qiziloy” mahallasi hududidan karyer uchun 183,3 gektar, zavod qurilishi uchun esa 34,2 gektar yer ajratib berdik, — deydi Ohangaron tumani hokimi Abdurasul Abdullayev. — Loyihaning samarali roʻyobga chiqishi uchun 200 million dollar xorij investitsiyasi sarflanishi hisob-kitob qilindi. Xitoylik hamkorimiz 16,7 million dollar miqdorida dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritadi. Bu mablagʻga bugungi kunga qadar 40 dan ziyod maxsus texnika va zamonaviy asbob-uskuna olib kelindi. Zavod yiliga 2,5 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, 400 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Yaqin kelajakda tumanimiz sanoatida ishlab chiqarish mahsuldorligi va oʻsish surʼati yanada oshadi. Tarmoqdagi yoʻnalishlar ham yangilari hisobiga koʻpayadi.
— Xitoyning “CONCH” korporatsiyasi 1996-yilda tashkil etilgan boʻlib, sement ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi davlat korxonalaridan hisoblanadi,— deydi “Toshkent conch cement” MCHJ ijrochi direktori Xe Vuxua. — Faoliyatimiz koʻp tarmoqli — sement, kimyoviy materiallar, chiqindilarni qayta ishlash, yuk tashish, qurilish sohasi kabi koʻplab yoʻnalishlarda ishlaymiz. Oʻzbekiston bilan hamkorligimiz natijasida nafaqat Toshkent viloyatida, balki mamlakatingizning boshqa hududlarida ham yuqori sifatli sement ishlab chiqaradigan bir necha zavodni ishga tushirdik va tushirmoqdamiz.
“CONCH” korporatsiyasining 500 dan ortiq shoʻba korxonasi mavjud boʻlib, Oʻzbekiston, Indoneziya, Laos, Myanma, Kambodja va boshqa mamlakatlarda faoliyat koʻrsatadi. Ohangaronda qurilayotgan zavodga Thyssen Krupp, Gebr Pfeiffer, Aumund, IKN, Fives Pillard kabi gigant kompaniyalarning energiyatejamkor texnologiyalari oʻrnatiladi. Natijada energiya sarfi ikki barobar kamayadi. Loyiha 2023-yilda toʻliq foydalanishga topshiriladi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2016-yilda mamlakatimizda 8,6 million tonna sement ishlab chiqarilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2020-yilda 12,5 million tonnaga yetdi. 2020-yilda Jizzax, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida yillik quvvati 1,8 million tonnaga teng 3 ta yangi zavod ishga tushirildi.
Xulosa qilib aytganda, qurilishi boshlangan ushbu yirik zavod Ohangaron hududida sanoat yanada rivoj topishi, aholi farovonligi ortishi va tumanning eksport salohiyati kengayishiga xizmat qiladi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri