Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, voqea 2025-yil 28-iyul kuni sodir boʻlgan va oʻsha kuni soat 14:20 larda Ohangaron tuman IIB Navbatchilik qismiga Ohangaron suv omborining qirgʻoq qismida choʻmilayotgan qizlar suvdan qaytib chiqmasdan, bedarak yoʻqolgani haqida xabar kelib tushgan.
Aniqlanishicha, ular Angren shahrida yashovchi 2006-yilda tugʻilgan D.P., 2009-yilda tugʻilgan D.A. va Ohangaron tumanida yashovchi, 2006-yilda tugʻilgan N.E. boʻlgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Ohangaron tuman boʻlimi xodimlari tomonidan qidiruv ishlari olib borilgan. 28 va 29-iyul kunlari ushbu harakatlar natijasida choʻkib ketgan ikki nafar qizning jasadi topilgan. Shu bilan birga, 16 yoshli D.A. hodisa joyida qutqarib qolingan.
Qizlarning suvga choʻkib vafot etgani yuzasidan oʻlim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ayni paytda tuman prokuraturasi tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.