Avval xabar qilinganidek, ekologiya inspektori Ohangaron tumanidagi “Oybuloq” MCHJ hududidagi “Taraqqiyot Baxtiyor” fermer xoʻjaligiga gʻalladan boʻshagan maydonlarda somon qoldiqlari yoqib yuborilishi bilan bogʻliq vaziyatni oʻrganish maqsadida kelgan.
Maʼlum boʻlishicha, inspektor "Oybuloq"da yashovchi 1993-yilda tugʻilgan fuqaro F.Oʻ.ga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirmoqchi boʻlgan paytda F. O. inspektorga tan jarohati yetkazib, xizmat guvohnomasi va hujjatlarini yirtib tashlagan. Tibbiy tekshiruv natijasida inspektorda "oʻng koʻz konyuktinga qon quyilishi, burun, oʻng yanoq, chap koʻkrak usti sidirilgan" jarohatlari borligi aniqlandi.
Fuqaro F.Oʻ. Ohangaron viloyati prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-moddasiga asosan ushlangan. Holat yuzasidan unga nisbatan JKning 219-moddasi 2-qismi va 227-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Taʼkidlash joizki, joriy yil boshida tashkil etilgan Ekologiya vazirligi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilgan holatlarga nisbatan keskin munosabatda boʻlib, aniqlangan noxush holatlarga tezkorlik bilan chora koʻrmoqda.
Afsuski, shunga qaramay, ekologik muvozanatni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor boʻlmagan fuqarolar ham uchrab turibdi.
Ayni paytda mamlakatimiz rahbariyatining va befarq boʻlmagan fuqarolarning saʼy-harakatlari tufayli ekologiya inspektorlarining atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlari borasidagi faoliyati yanada kuchaytirildi.
Shuningdek, Ekologiya vazirligining ekologiya inspektori Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirliklari va Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlarida berilgan vakolatlar doirasida daraxtlarni noqonuniy kesish, qushlarni noqonuniy ovlash va umuman ekologiya sohasidagi boshqa qonun buzilishi holatlariga qarshi keskin kurash olib bormoqda.
Bu shuni anglatadiki, ekologiya sohasidagi har qanday noqonuniy xatti-harakatlar qattiq jazolanadi.