Oila – jamiyatning asosiy boʻgʻini, unda ayolning oʻrni beqiyos

    Ijtimoiy hayot 30 Iyun 2023 2574

    Xorazmda “Ayol – mehr, sadoqat, taraqqiyot timsoli” mavzusida targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Unda vohaning faol va tashabbuskor ayol-qizlari, “Oqila ayollar” harakati aʼzolari, bir qator Davlat mukofotlari sovrindorlari, Iqtidorli sportchi qizlar, yetakchi tadbirkor ayollar hamda ibratli oilalar ishtirok etdi.

    Qadimiy va hamisha navqiron Xivaning “Koʻhna ark” maydonida tashkil etilgan tadbirda ish samaradorligi yuqori boʻlgan 13 nafar mahalla xotin-qizlar faollari hamda tuman, shahar Oila va xotin-qizlar boʻlimlari masʼullari, ayollar bandligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh tadbirkorlar, shuningdek, qariyb 35-40 yildan ziyod vaqt mobaynida ahil va inoqlikda yashayotgan 13 ta ibratli oilalar vakillari viloyat hokimligi, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasining tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

    – Oila jamiyatning asosiy boʻgʻini boʻlsa, unda ayolning oʻrni beqiyos, — deydi Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Nigora Qutlimuratova. – Bugungi tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad ham oila institutini mustahkamlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni targʻib etish orqali oilalarda sogʻlom va maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, shuningdek, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrnini yanada yuksaltirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga daxldorlik hissini oshirishdan iboratdir.

    Tadbir davomida Xorazm vohasi ayollarining qoʻl mehnati asosida tayyorlangan milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi ham namoyish etildi.

    Shundan soʻng, “Ayollar daftari” roʻyxatida turgan ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda jismoniy imkoniyati cheklangan 22 nafar ayollarga Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tibbiy reabilitatsiya vositalari, jumladan nogironlik aravachalari topshirildi.

    Gulnoza Umirova,

    Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar

    boshqarmasi matbuot kotibi.