O'zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog'iston bo'limi Ko'rgazmalar saroyida Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zosi, yosh iste'dodli rassom Qazaqbay Xojamuratovning “SHanaraq cho'qqisi” nomli shaxsiy ko'rgazmasi ochildi.
34 ta rangtasvir asarni jamlagan “SHanaraq cho'qqisi” - Qazaqbayning Nukus shahridagi ilk ko'rgazmasi sanaladi. Rassom falsafaga boy, zamonaviy uslub, to'yingan kolorit orqali oila haqidagi milliy qarashlarini asarlarga jo qilgan. “Tug'ilish”, “Avtoportret”, “O'qilmay qolgan xat”, “SHanaraq cho'qqisi”, “CHimildiq” kabi asarlari ayniqsa, mazmun jihatidan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirishi shubhasiz.
- Ko'rgazmani o'tkazishdan maqsad, o'sib kelayotgan yosh avlodga Oila deb atalmish dargohning muqaddasligini anglatishdan iborat, - deydi O'zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog'iston bo'limi raisi Ulbosin Utegenova.