Qoʻmita raisi Sirdaryoga tashrifini Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasi koʻrik tanlovi gʻolib va sovrindorlarini tabriklash tadbiridan boshladi. Soʻngra mahalla faollari, tuman shahar hokimi oʻrinbosarlari — Oila va xotin qizlar boʻlimi boshliklari bilan uchrashib suhbatlashdi va bir qator topshiriqlar berdi.
Xususan, viloyatning Guliston tumanida ham bu borada jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirish vaqti keldi. Tuman kesimida shu yilning 4 oyida 42 ta ajrim boʻlgan, 14 oila ajrim yoqasida. Er-xotin oʻrtasidagi ajrashishlar sonining oʻsib borishi koʻp hollarda yoʻqchilikdan, toʻqchilikdan kelib chiqyapti. Hurmat, kechirimlilik va oʻzaro bir-birini tushunishning yoʻqligi, farzand tarbiyasiga, uning kamol topishi yoʻlida ota-onalarning tarbiya bobida shaxsiy namuna koʻrsatish darajasining susayishi yoki zimmadagi “nikoh” deb atalmish muqaddas rishta va “oila” deb atalmish qoʻrgʻonning yuksak masʼuliyatini his qilmaslik, ota-onalarning yoshlarning oilaviy shaxsiy ishlariga haddan ziyoda aralashuvi kabi holatlar koʻzga tashlanyapti.
Tuman boʻyicha xotin-qizlar oʻrtasida 1 142 nafar ishsiz roʻyxatga olingan, ularning yarmi ish bilan taʼminlandi, qolganlarni ham tadbirkorlikka yoʻnaltirish, qoʻshimcha kasb-hunarga oʻqitish choralari koʻrilyapti. 25 ta mahalladan 158 ta uzoq muddatga chetga ishga ketgan ayollar aniqlangan. Ularni oilasi bagʻriga qaytarish va ish bilan taʼminlash, uy-joy muammolarini hal etishga doir chora-tadbirlarni koʻrib chiqyapmiz.
Oilalar, er-xotinlar yoki oilaning boshqa aʼzolari oʻz muammolarini yashirish, ularni oshkor qilmaslikka harakat qiladi yoxud davlat organlariga nisbatan ishonch yoʻqligi sababli ularga murojaat qilishdan tiyiladi. Bu esa kichik muammolarning kattalashishiga, oqibatda oilaviy ziddiyatlar va nizolarning vujudga kelishiga, natijada – er-xotinning ajrashishiga olib keladi.
Nilufar Gʻafurova,
Guliston tuman hokim oʻrinbosari -
Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi.