Oila oʻzbekistonliklar uchun noyob va almashtirib boʻlmaydigan qadriyat

    Ijtimoiy hayot 14 May 2022 1785

    15-may - Xalqaro oila kuni arafasida “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi “Oʻzbekistonliklar oila toʻgʻrisida: tasavvurlar va ustuvorliklar” mavzusida telefon soʻrovini oʻtkazdi.

    Soʻrovnomadan koʻzlangan maqsad oʻzbekistonliklarning zamonaviy oila, uning ijtimoiy institut sifatidagi roli haqidagi fikrini aniqlashdir, deya xabar beradi Markaz axborot xizmati.

    Soʻrov natijalari oila oʻzbekistonliklar uchun noyob va almashtirib boʻlmaydigan qadriyat hisoblanishi, fuqarolar oʻz hayotlarini oila, mehr-muhabbat, bolalar, nikoh va oilaviy munosabatlarsiz tasavvur qila olmasliklari haqidagi ishonchni tasdiqlaydi.

    Jamoatchilik fikriga koʻra, oila Oʻzbekiston fuqarolarining asosiy hayotiy qadriyati, jamiyatning axloqiy poydevori, maʼnaviyat oʻchogʻi, milliy anʼana va urf-odatlarning muhofizi va munosib avlodni tarbiyalash va ijtimoiy tajribani oʻtkazishni taʼminlaydigan eng muhim ijtimoiy institut boʻlib qolmoqda, deyiladi xabarda.