Mazkur Nizom oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarga ajratish va Reyestrdan chiqarish tartibini belgilaydi.
Nizomga koʻra, ariza beruvchi oilasini Reyestrga kiritish uchun davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi.
Shuningdek, “YAMIH” AT, YAIDXP yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ariza berish ham mumkin.
Har bir oila tomonidan ariza topshirish 1 oyda 1-marta amalga oshiriladi.
Dastlab oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati dastlabki baholashdan oʻtkaziladi.
Baholash natijasi boʻyicha ariza beruvchining oilasini “davlat taʼminotidagi oila” va “kambagʻal oila” deb topishni rad etish uchun asoslar aniqlanmaganda ariza ijtimoiy xodimning shaxsiy kabinetiga savolnoma toʻldirish uchun yuboriladi.
Ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan savolnoma axborot modulida avtomatik ravishda “mahalla yettiligi”ga yoʻnaltiriladi.
Xulosa “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlangandan soʻng “YAMIH” AT 3 ish kuni ichida oilani ijtimoiy-iqtisodiy holatini yakuniy baholashdan oʻtkazadi.
Oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan 1 oylik jami oʻrtacha daromad oxirgi 3 oy uchun hisoblab chiqilgan barcha oila aʼzolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila aʼzolari soniga va 3 ga boʻlish orqali aniqlanadi.
Reyestrga oilalar “davlat taʼminotidagi oila”, “kambagʻal oila” va “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifalariga ajratilgan holda kiritiladi.
Oilalar ular Reyestrga kiritilgan kundan boshlab quyidagi muddatlarda oila aʼzolari ishtirokida savolnoma qayta toʻldiriladi:
- “davlat taʼminotidagi oila” – har 12 oyda;
- “kambagʻal oila” – har 6 oyda.