Karantin cheklovlari tufayli ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xizmatlar sohasida baʼzi qiyinchiliklar yuzaga keldi, shu bois zaif oilalardagi farzandlari tarbiyalashda stress kuchaydi. Buning sabablaridan biri taʼlim muassasalarining vaqtincha yopilishi va bolalarni oʻz tengdoshlari bilan koʻrisha olmasligi boʻldi.
Qurolli mojarolar hududlaridan qaytarib olib kelingan koʻplab ayollar va bolalar pandemiya paytida ogʻir ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlardan qiynaldi, chunki bolalar va oilalarni himoya qilish xizmatlarining muammolarni hal etishdagi faoliyati sustlashdi. Bunday qiyin davrda zaif oilalarning ularni himoya qilishda ishtirok etadigan vasiylik organlari, oilalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutaxassislar, ijtimoiy xodimlar va paraprofessionallar kabi davlat idoralarining yordamiga ehtiyoji oshadi.
YUNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ushbu vaziyatni yaxshilash uchun davlat idoralari bilan hamkorlikni davom ettirib, bolalar va ularning oilalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga sarmoya kirityapti. Buning uchun zaif oilalar bilan ishlaydigan mutaxassislar yaxshi malakaga ega boʻlishi va ish paytida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday vaziyatga tayyor boʻlishi kerak.
YUNICEF Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, shuningdek Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi bilan hamkorlikda Namangan, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida mutaxassislar uchun “Ayollar va bolalar bilan ijtimoiy ish amaliyoti” mavzusida uch kunlik trening oʻtkazdi.
Trening ijtimoiy qadriyatlar va keys-menejment standartlariga asoslangan holda ijtimoiy ish amaliyotining tarkibiy qismlarini qamrab oldi. Trening ishtirokchilari Oʻzbekistondagi oilalar va bolalarni ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ayollar va bolalarga nisbatan notoʻgʻri munosabatda boʻlish muammolari, ularning kelib chiqish sabablari va bu bilan bogʻliq xavflarni muhokama qildilar. Trenerlar “Bogʻlanib qolish nazariyasi”ga asoslanib, bolaning rivojlanishida oilaning ahamiyatini tushuntirib berishdi. Ushbu nazariyaga koʻra, bolalarning hayotida ularga eʼtibor, mehr va muhabbat beradigan inson boʻlishi muhimdir.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi mutaxassislari hamda mahalla qoʻmitalarining oilalar bilan ishlash boʻyicha masʼul mutaxassislari qurolli mojarolar hududlaridan qaytgan bolalar va oilalar yordam koʻrsatish boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻldilar.
Ishtirokchilar ixtisoslashtirilgan axloq tuzatish muassasalaridan chiqib ketayotgan bolalarga oilada gʻamxoʻrlik qilish va psixologik-ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning muqobil shakllarini kengaytirish zarurligi toʻgʻrisida soʻz yuritdilar. Individual integratsiya rejalarini amalga oshirish va bolalarning oʻz oilalari va hamjamiyati bilan birlashishlariga koʻmaklashish orqali bunga erishish mumkinligini taʼkidladilar.
Treninglar Birlashgan Millatlar Tashkilotining COVID-19ga qarshi kurashish va uning taʼsiridan keyin qayta tiklanish boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlik trast fondi doirasida tashkil qilingan boʻlib, Oʻzbekistondagi — COVID-19 inqirozidan zarar koʻrgan zaif guruhlarga koʻmak va har tomonlama xizmat koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilgan, deb xabar beradi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.