Prezident tomonidan 2024-yil 4-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-953-son Qonun imzolandi.
Qonun ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro saylov standartlari asosida saylov toʻgʻrisidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Xususan, fuqarolarga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov (ovoz berish) byulletenlarini berganlik uchun javobgarlikni belgilash orqali fuqarolarning teng saylov huquqi kafolatlari kuchaytirilmoqda.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga saylov komissiyasining yoki referendum oʻtkazuvchi komissiyaning aʼzosi tomonidan fuqarolarga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov (ovoz berish) byulletenlarini berganligi – BHMning 1 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etish uchun Davlat byudjeti hisobidan ularga ajratilgan mablagʻlar boʻyicha moliyaviy hisobotlarni taqdim etish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Xususan, siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablagʻlari boʻyicha Markaziy saylov komissiyasiga oraliq yoki yakuniy hisobotni taqdim etmaganlik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaganlik yoxud hisobotda bila turib notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etganlik – mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.