Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli buyrugʻi qabul qilindi.

Unga koʻra, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatuvchi tashkilot va unga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilgan chet el fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar (voyaga yetmaganlar uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari) oʻrtasida tuziladigan bitim shakli tasdiqlandi.

Bitimga koʻra, aholiga:

  • sogʻlom turmush tarziga rioya etish;
  • oʻz tibbiy savodxonligini oshirish;
  • shifokor koʻrsatmalariga amal qilish;
  • profilaktik va skrining koʻriklardan belgilangan muddatlarda oʻtish talablari qoʻyiladi.

Oilaviy shifokor esa:

  • aholini belgilangan tartibda qabul qilish va maslahat (yoki yoʻllanma) berish;
  • tibbiy xizmatlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq hajmda koʻrsatish;
  • dori vositalarini toʻgʻri tayinlash;
  • kasalliklarni erta aniqlash, sogʻlomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish kabi majburiyatlar yuklatiladi.

Bitimlarni imzolash 2024-yil 1-dekabrdan Sirdaryo viloyati va Toshkent shahridagi davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda amalga oshirilishi boshlandi.

Mazkur chora-tadbirlar davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari 2025–2026-yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2025-yil 1-yanvardan boshlab bajariladi