Dunyoda odam soni oshishi barobarida tibbiy xizmatlarga ehtiyoj ham ortib bormoqda. Koʻplab xorijiy davlatlarda aholi salomatligini saqlash va tibbiy xizmatlardan foydalanishni taʼminlash maqsadida tibbiy sugʻurta tizimi joriy etilgan. Bu ish bilan asosan xususiy sugʻurta kompaniyalari shugʻullanadi. Ular faoliyatini tibbiyot muassasalari bilan shartnoma asosida amalga oshiradi. Fuqarolar ushbu sugʻurta kompaniyalariga belgilangan summani toʻlab, sugʻurta polisi oladi va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.
Mamlakatimizda ham tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtish ishlari davom etmoqda. 2021-yili Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov sifatida boshlangan ushbu tizimni bosqichma-bosqich 2027-yilgacha butun mamlakatimiz boʻylab joriy etish rejalashtirilgan. Ammo kuzatishlardan aholi mazkur tizim haqida toʻliq tushunchaga ega emasligi ayon boʻlmoqda.
Buni biz bilan suhbatda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Jizzax viloyati hududiy bosh mutaxassisi Ilhom Norboyev ham taʼkidladi.
— Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasining viloyatdagi vakili sifatida Jizzaxdagi tibbiyot muassasalarining tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtkazilishiga bevosita masʼulman. Qariyb uch yildan beri shu yoʻnalishda ishlayapman. Toʻgʻrisi, yangi tizimni joriy etish oson kechmayapti. Avvalo, tibbiyot xodimlari, qolaversa, fuqarolarning bu boradagi xabardorligini oshirish, ular orasida tushuntirish ishlarini oʻtkazish, yangi tizim mohiyatini ochib berish kerak. Bu borada viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Viloyatdagi barcha tibbiyot muassasasiga borib, tibbiyot xodimlari bilan uchrashib, ularga davlat tibbiy sugʻurtasining mazmun-mohiyatini tushuntirdik. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda bir necha bor seminarlar oʻtkazdik. Ushbu mavzuda aholi xabardorligini oshirish boʻyicha OAV, jumladan, viloyat televideniyesi, radiosida koʻrsatuv va eshittirishlar berildi. Hududiy va markaziy gazetalarda maqolalar chop ettirdik. Bundan tashqari, mahallalarda aholi bilan uchrashuvlar tashkil qilib, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimiga oʻtishning maqsadi va vazifalari haqida keng tushuncha berib kelayapmiz. Ammo tan olish kerak, bu ishlar yetarli boʻlmayapti. Aholidan tashqari, hatto tibbiyotchilarimiz orasida ham davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi boʻyicha toʻliq tushunchaga ega boʻlmaganlar bor. Toʻgʻri, tibbiy sugʻurta tizimiga toʻliq oʻtishimizga hali ikki yil vaqt bor. Lekin tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich shu tizimga oʻtmoqda. Belgilangan muddatgacha ham tibbiyot muassasalarimizni, ham aholini davlat tibbiy sugʻurtasi tizimiga oʻtishga toʻliq tayyorlab borishimiz kerak.
Buning uchun, avvalo, odamlarning xabardorligini oshirishimiz darkor. 2027-yildan boshlab sugʻurta tizimidan yurtimizdagi barcha fuqaro foydalanadi. Eʼtiborlisi, buning uchun ular pul toʻlamaydi. Yaʼni oddiy tibbiy tekshiruvdan tortib yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalargacha bepul oʻtkaziladi. Faqat shuni toʻgʻri tushunish kerak, bu yerdagi bepul tibbiy xizmat aslida nisbiy tushuncha. Zero fuqaro bepul tibbiy xizmatidan foydalanayotgan tibbiy muassasa xarajatini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻlaydi.
Misol uchun, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali uch yildan beri jamgʻarma bilan hamkorlik qiladi. Ushbu yillar davomida filialda 250 dan ortiq fuqaroda yurak sohasida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti bajarildi. Buning uchun jamgʻarma ushbu filialga 5 milliard soʻmga yaqin mablagʻ toʻlab berdi. Birgina oʻtgan yili imtiyozli 91 bemorda 2 milliard soʻmga yaqin mablagʻ hisobiga jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan.
Joriy yildan boshlab, viloyatdagi 19 ta tibbiyot muassasasi jamgʻarma bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi. Bu davlat tibbiy sugʻurtasi tizimiga oʻtish yoʻlida katta qadam boʻlib, viloyatda tibbiy xizmatlar qamrovini oshirishga xizmat qiladi. Sugʻurta tizimida moliyalashtirish tizimi ham tubdan oʻzgaradi. Endi faqat bajarilgan ish hajmiga qarab Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasidan mablagʻ oʻtkazib beriladi. Har bir tibbiyot muassasasi oʻzi uchun ishlaydi, pulni oʻzi ishlab topadi. Birlamchi boʻgʻinda pul aholi jon boshiga qarab toʻlanadi.
Fuqarolar yashash hududi boʻyicha tibbiyot brigadalariga biriktirilgan. Fuqarolar sogʻligʻi uchun qaygʻuradigan oilaviy shifokor va 4 patronaj hamshiradan iborat tibbiy brigadalar tashkil etilgan. Har bir brigadaga 2000 kishi biriktirilgan. Shuncha odamning salomatlik koʻrsatkichi shu tibbiyot brigadasining ishlashiga bogʻliq. Tibbiyot brigadalari oʻziga biriktirilgan aholini endi oʻzlari izlab yuradi, tibbiy koʻriklarga jalb qiladi. Chunki har bir fuqaro uchun ajratilgan mablagʻ bor, uni olish uchun fuqaro bilan ishlaydi. Hozir tibbiy koʻrikka boryapsizmi-bormayapsizmi, hech kimning ishi yoʻq. Sugʻurta tizimida bunday boʻlmaydi. Tibbiy brigadalar aholini tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqti kelganda chaqiradi, kelmasa, borib olib keladi. Chunki yuqorida aytilganidek unga ajratilgan mablagʻni olish kerak. Fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi, kerakli tavsiyalar, dorilar beriladi. Soʻng unga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar elektron tarzda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga yuboriladi. Jamgʻarmada ekspertlar ushbu bemorga koʻrsatilgan yordamni standartlarga muvofiq, deb baholasa, 10 ish kunida fuqaroning puli shu muassasaga kelib tushadi.
Statsionarlarda esa pul davolanganlik holatiga qarab toʻlanadi, yaʼni shifoxonalar necha nafar bemorni davolasa, shunga qarab pul oladi. Sugʻurta tizimi birlamchi boʻgʻinda ham, statsionarda ham natija uchun ishlaydi. Natija deganda, birlamchi boʻgʻinda surunkali kasalliklar uchramasa, kasalliklar erta aniqlansa, oʻz vaqtida profilaktik koʻriklar va skrining tekshiruvi oʻtkazilishi, emlash ishlari vaqtida bajarilishi aytiladi. Statsionarda esa natija shu bemor toʻliq sogʻayib chiqib ketishiga aytiladi.
Endi fuqarolar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan xususiy klinikalarda ham davolanishi mumkin. Agar xususiy klinikalar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan talablarga javob bersa, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ular bilan shartnoma tuzadi. Bu esa bemorlarda davolanish uchun shifoxonani tanlash imkoniyatini paydo qiladi. Fuqaro xohlasa, davlat shifoxonasida, xohlasa, xususiy klinikada davolanadi. Jamgʻarma esa mablagʻni oʻsha joyga yoʻnaltirib beradi.
Bu, oʻz navbatida, davlat va nodavlat tibbiy muassasalar oʻrtasida sogʻlom raqobat paydo boʻlishiga zamin yaratadi. Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimining joriy etilishi, aholi uchun, ayniqsa, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlarga ayni muddao boʻlmoqda. Eng muhimi, endi ular davolanishda ovora-sarson va chiqimdor boʻlmaydi. Bunga ular bilan suhbatlashib, oʻzingiz ham guvoh boʻlishingiz mumkin.
Shu gap sabab boʻldiyu, suhbatdoshim hamrohligida viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga yoʻl oldik. Markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Muzaffar Yoʻldoshev maqsadimizni bilgach, davlat tibbiy sugʻurtasi ham tibbiyot muassasalari, ham bemorlar uchun nihoyatda ahamiyatli ekanini, bunda bemorlar uchun barcha tibbiy xizmat bepul boʻlsa, tibbiyot muassasalari endi bemorlar salomatligiga befarq emasligini, asosiy eʼtiborni natijaga qaratayotganini qayd etdi.
— Oʻtgan yili Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan 200 million soʻmlik shartnoma imzolagan edik. Joriy yilda ushbu koʻrsatkichni 1 milliard soʻmdan oshirmoqchimiz, — deydi Muzaffar Yoʻldoshev. — Shunga yarasha moddiy-texnik bazamizni rivojlantiryapmiz. Hozircha Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan hamkorlik qilayotgan tibbiy muassasalar kamligi uchun bemorlarda tanlash imkoniyati kamroq. 2027-yildan davlat tibbiy sugʻurtasi toʻliq ishga tushsa, tibbiyot muassasalari orasida kuchli raqobat paydo boʻladi. Shunga hozirdan markazimizning imijini yaratishga harakat qilyapmiz. Ayni paytda markazimizda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan davolanayotgan oʻnlab bemorimiz bor. Ular bilan muloqot qilishingiz mumkin.
Markaz direktori xonasidan chiqqanimizda qabulxonada turgan bir bemorga koʻzimiz tushdi.
— Mana shu bemorimiz ham yoʻllanma asosida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan davolanmoqda. — dedi Muzaffar Yoʻldoshev. — Davolanayotganimga bir hafta boʻldi, — deydi oʻzini Otabek Qoʻchqorov deb tanishtirgan bemor. — Sharof Rashidov tumanining Qahramon mahallasidanman. Birinchi guruh nogironiman. Yangi yildan keyin patronaj hamshira uyimizga kelib, salomatligim yaxshi emasligini bilib, mahalla shifokorimiz bilan maslahatlashib, davolanishim zarurligini aytdi. Oʻzi bilan hujjatlarimni olib ketdi. Taxminan bir haftadan soʻng viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazidan “Sizning joyingiz tayyor, kelib davolanishingiz mumkin”, deb telefon qilishdi. Ertasi kuni kelib, tibbiy tekshiruvdan oʻtib davolanishni boshladim. Menga shunday yangi tizim joriy etilgani, davolanish boʻyicha barcha xarajat Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan toʻlab berilishi aytildi. Oldin ham order asosida bepul davolanganman. Ammo baʼzi dorilarni sotib olishimga toʻgʻri kelardi. Bu safar bunday boʻlmadi. Toʻgʻrisi, xursandman.
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi keng qamrovli islohotlar doirasida davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilishi sogʻliqni saqlash tizimining yangi bosqichga koʻtarilishiga, aholining tibbiy xizmatlarga ehtiyoji samarali taʼminlanishiga, odamlarni tibbiyotdan va bugungi islohotlardan rozi qilishga xizmat qilmoqda.
Farhod NEʼMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri