O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan Dasturlarga, jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturiga ajratilayotgan mablag'lardan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari o'tkazib borilmoqda. Bu haqida Hisob palatasining matbuot xizmati xabarida yozildi.
So'nggi tahlillarga ko'ra, Respublikada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi muammoli kreditlar qoldig'i joriy yil boshiga nisbatan 1-may holatiga ko'ra 8 foizga kamaygan. Biroq, dasturdagi muammoli kreditlar Namangan (44 foiz), Andijon (26 foiz) va Surxondaryo (20 foiz) viloyatlarida yuqori salmoqda qolgan.
Hisob palatasi tomonidan ushbu hududlarda amalga oshirilgan o'rganishlar natijasida muammoli kreditlarni undirish va ajratilgan kreditlardan samarali foydalanishda quyidagi kamchiliklarga yo'l qo'yilganligi aniqlangan:
– doimiy daromad manbaiga ega qarz oluvchilarning 149,4 milliard so'm, xususan, davlat tashkilotlari va banklarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 89,3 milliard so'm muammoli kreditlari undirilmagan;
– muammoli kreditlarning 79 foizida qaytmaslik xatari sug'urtalangan bo'lib, aksariyat hollarda banklar tomonidan ularni sug'urta kompaniyalaridan undirish choralari ko'rilmagan;
– joriy yil boshidan muammoli kreditlar ulushini kamaytirishda, banklar tomonidan ularni 69 foizini “umidsiz” deb tasniflab, balansdan chiqarish orqali qisqartirilgan. Ya'ni, amalda muammoli kreditlar qaytarilmasdan, bank tomonidan shakllantirilgan zahiralar (xarajatlar) hisobidan qoplangan;
– Chortoq tumani Baland adir hududida 2020-yilda tashkil etilgan 1 000 ta 2 sotixlik issiqxonalarning 95 foizi hozirda yaroqsiz holga kelib, ulardan foydalanilmaydi.
O'rganish jarayonida Dasturlar doirasidagi muammoli kredit qarzdorliklari jami 101,2 milliard so'mga kamaytirildi.
Shuningdek, muammoli kreditlarni bartaraf etish, xususan kreditlar o'z muddatida to'lanmasligi va maqsadsiz ishlatilishi bo'yicha quyidagi ta'sir choralari ko'rildi:
– 400 milliard so'mlik muammoli kredit qarzdorligini undirish uchun sudlarga da'vo arizalari kiritildi;
– 55 milliard so'mlik muammoli kreditlar bo'yicha to'plangan hujjatlarga huquqiy baho berish uchun ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi;
– 168 milliard so'mlik kredit qarzdorliklari bo'yicha sud qarorlari Majburiy ijro byurolari tomonidan undiruvga qaratildi.
Shu bilan birga, kelgusida qonunbuzilish holatlarining oldini olish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqildi. O'rganishlarda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha mutasaddi tashkilotlarga ko'rsatmalar berildi. Nazorat tadbirlari davom ettiriladi.