Tadbirning ochilishida Markaziy saylov komissiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti rahbarlari hamda professor-oʻqituvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan qayd etilganidek, joriy yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi. Bu barcha darajadagi saylov komissiyalarining zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar boʻyicha bilimini tizimli asosda shakllantirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, joriy yil aprel oyida Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur konsepsiyada saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha nazariy bilimi hamda amaliy koʻnikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish va oʻtkazishni uch bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shu kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni tashkilotchilarining saylov qonunchiligi boʻyicha malakasini oshirishga qaratilgan keng qamrovli mashgʻulotlar butun respublika boʻylab bir necha bosqichda oʻtkazildi.
Navbatdagi bosqich oʻquv mashgʻulotlarida jami 266 nafar Okrug saylov komissiyalari raisi, rais oʻrinbosari, kotibi hamda aʼzolar ishtirok etmoqda.
Seminar-trening Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv dasturi va oʻquv-metodik materiallar asosida aynan shu ekspertlar tomonidan olib boriladi.
Ikki kun davom etadigan oʻquv mashgʻulotlari davomida Okrug saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish, Okrug va USK binolari va ovoz berish xonalarini jihozlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, saylovni oʻtkazuvchi saylov komissiyalari vakolat va vazifalari, saylovchilar roʻyxati bilan ishlash kabi mavzular keng qamrab olinadi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.