Yigʻilishda saylov reglamenti boʻyicha ikki masala koʻrib chiqildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 22-moddasiga binoan, okrug saylov komissiyasi vakolati doirasida saylov uchastkalari tuzish va saylov komissiyasi qoshida Matbuot markazi tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Komissiya yigʻilishida saylov uchastkalarining joylashuvi yuzasidan 3 ta shahar va 8 ta tuman hokimliklari hamda tegishli harbiy qismlarning taqdimnomalari koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 5- Navoiy saylov okrugi hududida 411 ta saylov uchastkalari tuzish boʻyicha qaror qabul qilindi. Saylov uchastkalarining tartib raqamlari, chegaralari, manzillari koʻrsatilgan roʻyxati ham tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksida saylovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshirishi belgilangan. Shunga koʻra, 5- Navoiy okrug saylov komissiyasi qoshida Matbuot markazi tashkil qilindi va uning rahbari hamda aʼzolari tasdiqlandi, deb xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati.