Ushbu nufuzli musobaqada oʻzbek sportining tirik afsonasi, sakkizta Olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachi Oksana Chusovitina boshchiligidagi 6 nafar gimnastikachimiz yurtimiz sharafini himoya qilyapti.

Quvonarlisi, 46 yoshli gimnastikachimiz tayanib sakrash musobaqasining saralash bahslarida eng yaxshi uchinchi natijani qayd etib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Oksananing mashqi hakamlar tomonidan 12.949 ballga baholandi.

Rossiyalik 17 yoshga hali toʻlmagan Viktoriya Listunova 13.466 ball bilan saralash turniri gʻolibi sifatida final chiptasini qoʻlga kiritdi. Vengriyalik Mariya Chenge Bachkay 13.033 ball bilan ikkinchi pogʻonadan joy oldi. Bu gimnastikachilar Oksana Chusovitina Olimpiadada medal olgan paytda hali dunyoga kelishmagan edi.

Maʼlumot uchun, Dohadagi jahon kubogida Chusovitinadan tashqari Rasuljon Abdurahimov, Habibulloh Ergashev, Oʻtkirbek Joʻrayev, Abdulla Azimov va Gulnaz Jumabekova ham ishtirok etyapti.