Oktyabr oyida avtomobil bozori 11 foizga oʻsdi: savdolar 112,5 ming donaga yetdi

    Oʻzbekiston avtomobil bozori oktyabr oyida barqaror oʻsishni namoyish etdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining maʼlumotlariga koʻra, oylik umumiy savdo hajmi 112,5 ming donani tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan 11 foizga koʻpaydi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekiston avtomobil bozoridagi faollik boʻyicha yangilangan tahlilni eʼlon qildi.

    Oktyabr oyi yakunlariga koʻra, respublikada barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 112,5 ming donaga yetdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan oyga nisbatan 11 foiz yuqori. Savdo faolligi barcha asosiy bozor segmentlarida oshgani qayd etildi.

    Birlamchi va ikkilamchi bozorlarda yengil avtomobillar segmenti oylik 12,7 foiz oʻsishni koʻrsatdi va 95,4 ming donani tashkil yetdi.

    Eng yuqori oʻsish Namangan, Jizzax va Buxoro viloyatlarida qayd etilgan boʻlib, bu hududlarda savdolar 20 foizdan ziyod oshdi. Shu bilan birga, Samarqand viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida faollik biroz pasaygani kuzatildi.

    Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

    Oktyabr oyi natijalariga koʻra, birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi qariyb 19 foizga oshdi, bu esa qoʻshimcha 6 ming dona avtomobil sotilganini koʻrsatadi. Segment doirasida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar toifasida sotuvlar 33,4 ming donaga yetdi, bu oʻtgan oyga nisbatan 22 foizga oʻsdi. Yangi xorijiy avtomobillar sotuvi biroz oʻsish (+1,1 foiz) bilan sentyabr oyi koʻrsatkichlaridan oshib, 4,5 ming donani tashkil etdi.

    Ikkilamchi avtomobil bozori oʻsish surʼatida

    Oktyabr oyida yengi avtomobillarining ikkilamchi bozorida sotuvlar oʻtgan oyga nisbatan 9 foizga oshib, 57,4 ming donani tashkil etdi. Ikkilamchi bozorda elektromobillar sotuvi 3 ming donadan oshib, oylik hisobda 15,2 foiz oʻsish qayd etildi. Ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 barobar koʻpdir.