Oktabr oyida ommabop avtomobillar narxlari bir oz pasaydi

    Biznes 11 Noyabr 2024 1114

    Ikkilamchi avtomobil bozorida Lacetti, Damas, Labo narxlari pasayishda davom etdi. Sparkʼning oʻrtacha narxi bir oz koʻtarilgan boʻlsa, Cobalt va Nexia narxlarida deyarli oʻzgarish kuzatilmadi.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan oktyabr oyidagi avtomobil narxlari tahlil qilindi.

    2024-yilning oktyabr oyida ikkilamchi avtomobil bozorida Lacetti, Damas, Labo narxlari pasayishda davom etdi. Sparkʼning oʻrtacha narxi bir oz koʻtarilgan boʻlsa, Cobalt va Nexia narxlarida deyarli oʻzgarish kuzatilmadi.

    Mahalliy ommabop avtomobillar narxlari. Oktyabr oyida ikkilamchi bozorda koʻp foydalanilgan Lacetti, Damas, Laboʻning oʻrtacha narxi sentyabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5 foiz, 6,3 foiz va 2 foizga pasaygan boʻlsa, oʻrtacha foydalanilganlari mos ravishda 0,3 foiz, 0,6 foiz va 3,5 foizga arzonladi. Koʻp foydalanilgan Spark avtomobilining oʻrtacha narxi 2,2 foizga, oʻrtacha foydalanilgani 2,9 foizga oshgan boʻlsa, Cobalt va Nexia narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi.

    Mahalliy ommabop avtomobillar uchun oktyabr oyida taklif qilingan oʻrtacha narxlar quyidagilarni tashkil qildi:

    • Lacetti: kam foydalanilgan — 15 236 (15 452) dollar, koʻp foydalanilgan —13 300 (13 500) dollar;
    • Damas: kam foydalanilgan — 8 250 (8 300) dollar, koʻp foydalanilgan — 7 500 (8 000) dollar;
    • Spark: oʻrtacha foydalanilgan — 10 500 (sentyabr oyida – 10 200) dollar, koʻp foydalanilgan — 9 200 (9 000 dollar).

    Mahalliy lyuks avtomobillar narxi. Oktyabr oyida mahalliy lyuks avtomobillaridan Equinox narxlari sezilarli oʻzgargan boʻlsa, Malibu va Tracker narxlari deyarli oʻzgarmadi. Jumladan, mazkur davrda kam va oʻrtacha foydalanilgan Equinoxʼning oʻrtacha narxlari sentyabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5 foiz va 6,3 foizga arzonlagan boʻlsa, koʻp foydalanilgani 1,9 foizga oshdi.

    Equinox uchun oktyabr oyida taklif qilingan oʻrtacha narxlar quyidagicha: kam foydalanilgan — 33 000 (33 500) dollar, oʻrtacha foydalanilgan — 30 000 (32 000) dollar; koʻp foydalanilgani — 27 000 (26 500) dollar.

    Elektomobil narxlari: oktyabr oyida elektromobillar narxlari sezilarli darajada arzonlashdi. Xususan, BYD Han avtomobilining koʻp foydalanilgani oʻrtacha narxi 10,2 foizga, oʻrtacha foydalanilgani 2,6 foizga hamda yangisi 2,2 foizga pasaydi. BYD Song Plus EV Championʼning oʻrtacha foydalanilgani 7,5 foizga, yangisi 1,2 foizga arzonlashdi.

    Elektomobillar uchun oktyabr oyida taklif qilingan oʻrtacha narxlar quyidagicha:

    • BYD Han: koʻp foydalanilgan — 31 450 (35 000) dollar, oʻrtacha foydalanilgan — 37 000 (38 000) dollar;
    • BYD Song Plus EV Champion: oʻrtacha foydalanilgan —27 500 (29 750) dollar; yangi — 29 000 (29 350) dollar.