Dunyoga jadidlar qaytmoqda

Maʼnaviyat va maʼrifatning suv va havodek zarurligini Prezidentimiz ilk bora oʻz vazifasiga kirishgan yillardayoq mamlakatning asosiy tayanchi, yuksalish asosi sifatida maydonga olib chiqdi.

XX asrda jadid maʼrifatparvarlari millat dardida qalblarda yondirgan shamlar mustabid tuzum tomonidan ayovsiz oʻchirildi. Toʻqsoninchi yillarda jadidlarga bir murojaat qildik, ammo keyin ulardan yiroqlashdik. Bu yiroqlashish millatga qanchalar qimmatga tushganini hozir ich-ichdan his qilib turibmiz. Aslida, jadidlardan yiroqlashish milliy oʻzlikdan, yuksak maqsadlardan, milliy maʼrifat asosidagi milliy taraqqiyotdan, milliy birlikdan yiroqlashish ekanligini koʻpam anglamadik.

“...Bu tunda yorugʻ sham yonmas, chaqmasa gugutni asl oʻgʻullar...”. Prezident boshchiligida boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashinining kengaytirilgan tarixiy yigʻilishi goʻyoki ziyo taratib, haqiqatni koʻrsatgandek boʻldi.

Nazarimda, bu yigʻilishda aytilgan har bir soʻz jadidlar orzusi, jadidlar soʻzi, nafasidek yangradi, jadidlar yana qayta dunyoga kelgandek boʻldi. Chunki bugun mamlakat oʻz oldiga qoʻygan eng yuksak maqsadlar jadidlar yaratmoqchi boʻlgan, bugun bunyod boʻlayotgan yangi uygʻonish davri orzusidir.

Maqsad qancha ulkan boʻlsa, mashshaqqati, zahmati ham shunga yarasha boʻladi. Ammo unga erishish yoʻlidagi shiddat, samaralar ortidan keladigan ruhiy halovat oldida u zahmatlar hechdir. Chunki barchamiz koʻrib turibmiz, dunyo xaritasida kuchli markazlar oʻzgalarga bosim tazyiq oʻtkazayotgan bir paytda vatanimiz milliy birlik, inson qadri, ilm olish gʻoyasi bilan istiqbol sari dadil qadam tashlab bormoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali erkimiz, mustaqilligimizga nisbatan aytilayotgan aljirashlar, maʼnaviy tahdidlar, axborotlar kurashi, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimidagi chuqur transformatsiya jarayonlarining barchasi bizga uygʻoq qalblar, jasoratli ziyolilar kerakligini yana bir bor eslatib turibdi.

Shu kunlarda millionlab yuraklarda milliy birlik olovi yondi. Vatan va xalq kelajagi haqida kim qanday yoʻsinda, qanday oʻrtanish, katta jurʼat va jasorat bilan soʻz aytar ekan, barchasining mohiyatida jadid maʼrifatparvarlari peshvosi Mahmudhoʻja Behbudiyning “Haq olinur, lekin berilmas!” degan soʻzlari yarqirab ketdi.

Ha, biz buyuk millat, buyuk el boʻlgan, bobolari qudratli davlatlar barpo etgan, ilmu fazlda yuksak maqomlarga koʻtarilgan millatmiz.

Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.

Bugun mendan “yigʻilish qanday oʻtdi?” deb soʻraganlarga bitta javob berishni istardim: “Bu yigʻilishdan keyin jadidlar qayta tugʻiladi!”

Negaki, bugungi tahlikali dunyoda bizga ijtimoiy axloq, maʼnaviyat, maʼrifat nuri, fidoyilik va yuksak vatanparvarlik ruhi, har qachongidan ham zarur. Har qanday yuksak iqtisodiy va maʼrifatli jamiyat asosida avvalo inson kamoloti, fikriy yuksalishi turadi. Uning oʻq ildizida esa axloq va ruh tarbiyasi turgan. Zero, axloqsiz mukammallikka erishib boʻlmaydi.

Ana shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbari maʼnaviy-maʼrifiy sohada oʻtkir va koʻndalang boʻlib turgan eng muhim masalalarga eʼtibor qaratdi. “Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik: biz hozirgi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi.”

Koʻrinib turibdiki, bugungi kun nafaqat iqtisodiy, balki tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy, mafkuraviy sohalarda ham shiddatli raqobatga tayyor boʻlishimizni talab etmoqda. Demak, kechiktirmay bu boradagi tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy yondashuvlarimiz, dasturlarimiz, tizimlarimiz, burch va masʼuliyatimizni tubdan tanqidiy koʻrib chiqishimiz lozim.

Davlatimiz rahbari bejiz: “Bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!” deb aytmadi. Bu bitta, ikkita shu sohaga aloqador tashkilotning emas, butun jamiyatning harakatiga aylanishi kutilmoqda. Bu ishlardan birorta soha, birorta vazirlik va idoraning chetda turishi mumkin emas.

Chunki millat va xalq, Vatan qismatiga daxldor eng yuksak gʻoyalar, millatparvarlik ruhi maʼnaviy zaminda voyaga yetadi. Tariximizdagi ikki buyuk Uygʻonish zamirida ham avvalo maʼnaviy jasorat yotadi. Jadid bobolarimiz milliy hurriyat yoʻlidagi kurashda bejiz maʼnaviyat va maʼrifat yoʻlini tanlamadi.

Birgina Choʻlponning otashin soʻzlarini eslaylik:

Ol bayrogʻingni, qalbing uygʻonsin,

Qur yangi davlat, yovlar oʻrtansin!

Yangi Oʻzbekistonda duv-duv gap

Xalqimizda “Yaxshi soʻz ham omonat, uni oʻzgalarga yetkazish kerak”, degan ibora bor. Prezident raisligida oʻtgan mazkur yigʻilishning ovozasi bugun mamlakatimizning har tarafida: ziyolilar qalbidan tortib mahallalar, xonadonlargacha yetib bormoqda.

Oʻsha kuni Prezident tomonidan mahallalarda keng koʻlamli islohotlarni balandparvoz gaplar bilan emas, aniq hayotiy misollar bilan sodda, tushunarli, yangi usulda yetkazish lozimligi taʼkidlangan edi. Mazkur anjumanda ishtirok etgan “Maʼnaviyat karvoni”ning esh peshqadam vakillari boʻlgan taniqli olimlarimiz, shoir va yozuvchilarimiz, sanʼat va madaniyat namoyandalari xalq ichiga, qalbiga otlandi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida Toshkent shahri boʻylab keng koʻlamda yangi kuch, yangi gʻoyalar bilan aholiga yuqori kayfiyat, ruhlantiruvchi kuch beradigan “Mahallada duv-duv gap” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari boshlandi.

Taniqli olimlar Oqil Salimov, Jamila Shermuhammedova, Shavkat Ayupov, Qahramon Allayev, Narzulla Joʻrayev, Sadriddin Turopjonov, Oynisa Musurmonova, Mansur Bemurodov, Qoʻngʻirotboy Sharipov, Dilorom Bobojonova, shoir va yozuvchilar Sirojiddin Sayyid, Zulfiya Moʻminova, Mahmud Toir, madaniyat va sanʼat vakillari Ozodbek Nazarbekov, Munojot Yoʻlchiyeva, Yodgor Saʼdiyev, Gavhar Zokirova, Erkin Komilov, Gʻulomjon Yoqubov, Shuhrat Dadajonov, Mirodil Qilichev kabi fidoyilarimiz maʼnaviy tadbirlarning qalbiga aylandi. Tadbirlar xalqimiz yuragida jaranglayotgan “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida boʻlib poytaxtimizdagi mahallalarni toʻliq qamrab olinishi rejalashtirildi.

Shuningdek, teatrlar, muzeylar, saylgohlar, yangi Oʻzbekiston davrida bunyod etilgan diqqatga sazovor joylarga tashriflar, mahallalarda, taʼlim muassasalarida kitob yarmarkalari, kitobxonlik va adabiy kechalar, “Zakovat”, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa” va “Besh muhim tashabbus” kabi maʼnaviy-maʼrifiy va sport loyihalari oʻtkazilib kelinmoqda. Bunyodkorlik ishlari natijasida yurtimiz qiyofasining oʻzgarib borayotgani, mahallalarning avvalgi va bugungi koʻrinishi haqida maxsus videoroliklar namoyish etilayotir.

Ha, maʼnaviyat va maʼrifat barcha zamonlarda tengsiz qudrat, baxt-saodat, tinchlik, bunyodkorlik, hamjihatlik mezoni, ruhiy poklanish va qalbni yuksaltiruvchi neʼmat boʻlib kelgan. Chunki u millatni, xalqni, demakki, insonlarni hamisha uygʻonishga, ezgulikka, taraqqiyotga, bu olamni obod qilishga, goʻzallikka burkashga chorlagan. Hazrat Alisher Navoiy aytganidek:

Bu chaman oʻlmogʻida mavjud anga,

Bor edi inson guli maqsud anga.

Kimki, mana shu ezgu maqsad yoʻlida insonni bu olamni gulga burkaydigan, yaʼni uni farovon qiladigan bunyodkor, yaratuvchi kuch deb qadrlar ekan, shaksiz oʻsha yerda obodlik boʻladi.

Davlatimiz rahbarining “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni, ruhi maʼnaviyatdir” degan soʻzlari mohiyati bugun yanada kengroq mazmun kasb etmoqda. Chunki maʼnaviy asoslarsiz, maʼnaviy negizlarsiz, maʼnaviy qadriyatlarsiz, milliy ruhsiz hech bir davlat oʻzining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi. Shunday ekan, har bir sohaga ruhiy-maʼrifiy, ijtimoiy axloqning mustahkam poydevori sifatida maʼnaviyatni olib kirishimiz lozim.

Umuman, nafaqat iqtisodiyot, balki boshqa sohalarni ham maʼnaviyatsiz tasavvur qilish qiyin. Chunki maʼnaviyat taraqqiyotga kuch va ruh beradi. Maʼriafatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek: “Kiyimning yuza qismi qanchalik yaltiroq boʻlmasin, uning ichi nobop, ayniqsa, kir boʻlsa, bu illat, albatta, yuzaga uradi”.

Jamiyat oʻzgarayapti, maktab oʻzgarayapti, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi masʼuliyati ham oʻzgaryapti. Endi bu oʻzgarishlar faollik, tashabbuskorlik, yuksalish bosqichlariga kirishi kutilmoqda.

Mahallalarda oʻtayotgan tadbirlar doirasida ziyolilar ishtirokidagi uchrashuvlarda aholisi tomonidan: “Men pensiya pulimdan nevaramni “Gʻuncha” jurnaliga obuna qilaman”, “Kitoblarim koʻp, uyimda mahallamdagilar uchun kutubxona ochaman”, “Jadid” gazetasi chiqarkan, albatta unga oilamiz uchun obuna boʻlaman”, “Mahallamizni jinoyatsiz, ajrimsiz maskanga aylantiramiz”, “Har bir xonadonda kutubxona tashkil qilamiz”, “Toʻyxonalarimizni oʻquv markazlariga aylantiramiz” degan fikrlarni eshitib, yangi maʼnaviy uygʻonish nasimlarini his etyapmiz.

Tilda, fikrda va ishda birlik

Yangi Oʻzbekistonda maʼnaviy yuksalish sari yangi davr, yangi bosqich boshlandi. Maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi bu oʻzgarishlar va Prezident tashabbuslaridan soʻng jadidlarning “Tilda, fikrda va ishda birlik” gʻoyasi tilimda qayta-qayta yangrayverdi. Bu gʻoya yuqorida taʼkidlaganimizdek, milliy birlik, hamjixatlik asosida yanada mustahkamlanadi, amalga aylanadi.

2021–2023-yillarda shahar va tumanlarda 195 ta “Maʼnaviyat va maʼrifat maskani”ni barpo etishning manzilli roʻyxati tasdiqlandi.

Joriy yil yakuniga kelib, 173 ta tuman (shahar)da Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari barpo etildi. Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida rejalashtirilgan maskanlar toʻliq ishga tushirildi.

Markaz huzurida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etilganidan buyon 3-yil davomida 3117 nafar Markaz tizimi, vazirlik, idora va davlat ijro organlarining ushbu sohaga masʼul xodimlari malakasi oshirildi.

Joriy yilda 1 ta xalqaro anjuman, 2 ta xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, 5 ta respublika anjumani, 7 ta respublika ilmiy-maʼrifiy konferensiya hamda 242 ta oʻquv-seminari tashkil etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligiga bagʻishlab “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi oʻrni” mavzusida xalqaro anjuman;

Andijon viloyatida “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Xalqaro tadbirlarda ishtirok etish maqsadida 45 ta davlatdan 52 mutaxassis olim va ekspert yurtimizga tashrif buyurdi.

Maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlardagi faolligi uchun mamlakatimizning 179 fuqarosi “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha yangi elektron platforma ishga tushirildi. Jamiyat huzurida 40 nafar iqtidorli yoshlardan iborat “Yosh targʻibotchilar harakati” tashkil etilib, jamiyat aʼzolari soni 810 nafarga yetkazildi. “Oyina” maʼnaviy-maʼrifiy portali ishga tushirildi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Maʼnaviyat festivali”, turkum tadbirlarini oʻtkazish katta anʼanaga aylandi. Prezidentimizning “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan ezgu daʼvatlari asosida mamlakatimiz boʻylab ilk marotaba “Maʼnaviyat marafoni” boʻlib oʻtdi. Milliy bayram tusini olgan ushbu marafon butun yurtimiz boʻylab katta aks-sado berdi.

8 ta hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Fargʻona, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari)dagi 48 ta chegaraoldi mahallalarda yashovchi yoshlar turli yot gʻoyalar girdobiga tushib qolishining oldini olish, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat hamda anʼanalarga hurmat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida “Vatan ostonasi” festivali oʻtkazildi.

Mart, aprel, iyun va avgust oylarida “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!”, “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!”, “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiorlari ostida 14 ta hududda “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi.

Joriy yilda oʻtkazilgan “Eng naʼmunali tuman va shahar” tanlovida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tavsiyasiga koʻra, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli yoʻlga qoʻygan, bu borada yuqori samaradorlikka erishgan hamda oʻz hududida ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlagan 14 ta tuman va shahar; “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida 23 ta vazirlik va idora ishtirok etdi. Gʻoliblarga Prezident sovgʻasi – “Damas” avtomobili, pul mukofotlari, kitoblar toʻplami, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarning eng muhim strategik yoʻnalishlari mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan 12 turdagi “Yangi Oʻzbekiston” plakatlar toʻplami 11 000 nusxada nashr etilib, 10 000 donasi umumtaʼlim maktablariga jihozlash uchun topshirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida soʻnggi 5-yil ichida amalga oshirilgan tarixiy ulkan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush tarzidagi ijobiy oʻzgarishlarni oʻzida aks ettirgan “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi tayyorlanib, oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida 3000 nusxada chop etildi. Toshkent va Nukus shaharlari hamda Moʻynoq tumanida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Yangi Moʻynoq” kitob-albomining taqdimotlari oʻtkazildi.

Albatta, bu kechagi kun, kechagi natijalar. Bizning Yangi yildagi faoliyatimiz yuksak daʼvatalarga munosib boʻlishi lozim.

Maʼnaviyat — munavvarlik

Bugun zamon oldimizga qoʻyayotgan talablar oldida maʼnaviyat deb atalmish yangi kuch va harakatning bir boʻlagi, deb bilguvchi vatandoshlarimiizning qadami shahdam boʻlishi, ular hammadan ildam yurishi zarur. Zero, davlatimiz rahbari “Maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, bugun maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak!” deb bejiz aytmadi.

Men ziyoli umrini shamga oʻxshatar edim, u oʻzi yonib erisa ham, taralgan nuri atrofni nurafshon qiladi, derdim. Lekin hozir endi ziyolilarimizni tarixdagi buyuk qahramonlarimizga oʻxshatgim keladi. Zero, ziyolilar, ilm ahli bugun yangi kuch sifatida maʼnaviy jasorat maydoniga chiqishi har doimgidan ham muhim, suv va havodek zarur.

Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida “Surxondaryo tajribasi” misolida mamlakatimizda ilk marotaba Maʼnaviyat sektori tashkil etildi. Mazkur sektor yurtimizda ilk bor maʼnaviyat sohasida yangi qon, yangi yurak boʻlib urishi uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Muhimi, bu boradagi ishlarimizni yanada jadallashtirish uchun 2024-yildan boshlab har yili 100 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladigan boʻldi.

Kengashda oʻsha kuni yana bir xushxabar aytildi. YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyalari qariyb 40-yildan buyon faqat Parijda oʻtkazilar edi. 2025-yilda esa bu konferensiyaning sessiyasini Samarqandda oʻtkazish belgilandi. Ushbu nufuzli anjumanga Tashkilotga aʼzo barcha davlatlardan vakillar tashrif buyuradi.

Bu nimani anglatadi? Bu asrlar davomida dunyo tamadduniga oʻz soʻzi, oʻz ilmi, oʻz zehnini chiroq qilgan millat bugun yana oʻz oʻrnini ham topayotganini, bu millatning buyukligini tan olish, ularga yuksak hurmat, hayrat bilan qarash lozimligini yana bir bor koʻrsatib qoʻymoqda. Voqelikka “Samarqand ruhi” qaytmoqda.

Yana bir xushxabar, Yangi yil arafasida Yangi Oʻzbekiston hayotida ulkan tarixiy voqea sodir boʻldi. Prezidentimiz maxsus tugmani bosib, umumiy quvvati 2,4 gigavattlik 6 ta hududida “yashil” elektr stansiyalariga oq fotiha berdi. Ulkan qurilmalardan adoqsiz simlar orqali 2 million xonadonga yangi nur oqimi-uzluksiz va kafolatli elektr energiyasi kirib bordi.

Mazkur tantanali marosimda ishtirok etarkanman, dilimdan shunday oʻylar oʻtdi: “Ajab, agar elektr quvvati boʻlmasa, uylarimizga taft kirmaydi, tunlar xonadonlarimiz munavvar, yoʻllarimiz nurafshon boʻlmaydi. Ish joylarimizda dastgohlarimiz “jonsiz” qurilmaga aylanadi, mehnatda unum boʻlmaydi. Bizni yaqinlar, dunyo bilan bogʻlayotgan telefonlarimiz bir parcha matohga aylanadi. Bu koʻzga koʻrinmas neʼmat mohiyatida “munavvar nur”— maʼnaviyat yashirin. Bugun bu nursiz taraqqiyot yoʻq, bu nursiz farovonlik boʻlmaydi. Maʼnaviyat — tuganmas ruhiy quvvat, u bilan koʻngil chiroqlari, tafakkur qandillari yonadi. U bor joy odamiylik ziyosi charogʻon boʻladi.

Nazdimda 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi kuch” deb atalmish tugmani bosib betimsol munavvarlik manbai boʻlgan “Maʼnaviyat nuri”ni 36 milliondan ortiq fuqarolarimiz qalbiga yoʻnaltirdi. Olloh nasib etsa, kirib kelgan yangi 2024-yildan boshlab har bir qalb charogʻon boʻlgusidir.

Minhojiddin Mirzo,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari