“Dunyo” AAning qayd etishicha, afsonaviy shaxs Alp Er Toʻnga yoki Afrosiyob - turkiy xalqlarning umumiy ajdodi hisoblanadi. Mutaxassislarning ishonch bildirishicha, agar topilmaning haqiqiyligi oʻz tasdigʻini topsa, Buxoro butun turkiy dunyoning diqqatga sazovor markaziga aylanadi.
Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosatchi Sherzodxon Qudratxoʻja Rossiyaning “iReactor” elektron nashri muxbiriga bergan intervyusida Afrosiyobning turkiy dunyo tarixida tutgan oʻrni va mazkur kashfiyotning qiymati haqida aytib oʻtdi.
Uning fikr bildirishicha, oʻzbek olimlari koʻp yillardan buyon buyuk ajdodlari dafn etilgan joylarni aniqlash boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Ammo bu mavzuning ommaviy axborot vositalarida qayta koʻtarilgani Oʻzbekiston uchun respublikaning mashhur shaharlarini tadqiq va targʻib qilish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.
- Bugun mamlakatimizda Uchinchi Renesans davriga poydevor qoʻyilayotgan bir paytda Alp Er Toʻnganing ulugʻvor qiyofasini jonlantirish ayniqsa muhimdir, - dedi u. - Soʻnggi besh yil mobaynida yangi Oʻzbekiston TURKSOY va Turkiy Kengash kabi xalqaro tashkilotlarda, jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallash jarayonida faol ishtirok etib kelayapti. Zero, oʻz ildizlarini chuqurroq anglash tarixiy zaruriyatdir.
Siyosatchi turkiy xalqlar va Turon davlatchiligi, zamonaviy oʻzbek xalqi va oʻzbek davlatchiligiga asos solgan buyuk siyosatchi va mohir sarkarda, sak qabilasi yetakchisi Alp Er Toʻnga obrazi bilan uzviy bogʻliqligiga ishonadi.
- Alp Er Toʻnga shaxsiyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, biz, aslida, barcha turkiy xalqlar qahramoni-asoschisi, turkiylarning buyuk va qadimiy tarixi haqida gapirgan boʻlamiz, - deydi u Rossiya nashriga bergan intervyusida. - Alp Er Toʻnga nafaqat Turon tarixida, balki Oʻzbekistonning zamonaviy tarixida ham munosib oʻringa loyiq. Alp Er Toʻnga dafn etilgan joyning aniqlanishi, agar tasdiqlansa, Geynrix Shlimann tomonidan qadimgi Troya kashf etilishi bilan bir darajada baholanadi. Har ikki holatda ham, dastlab, faqat yarim afsonaviy voqealar tasvirlangan qadimiy rivoyatlar aytilib kelingan. Troya holida ham, Afrosiyobda ham afsonaviy qahramonlar haqida gap ketgan, lekin bular ehtimol afsonalar emas, balki tarixiy faktlar ekani maʼlum boʻlmoqda.
«Bu tarixiy topilmaning oʻzbek xalqi va unga birodar millatlar uchun ahamiyatini ortiqcha baholash qiyin emas. U butun turkiy dunyo uchun diqqatga sazovor joy, kuch-qudratga aylanishi mumkin. Turkiyalik professor Nekati Demirning fidokorona qatʼiyati oldida va uni qoʻllab - quvvatlagan barchaga taʼzim qilamiz. Umid qilamizki, eng yorqin umidlarimiz roʻyobga chiqadi va nihoyat haqiqiy kelib chiqishimizni baralla aytadigan payt keladi”, - deya taʼkidladi Sherzodxon Qudratxoʻja.
Ushbu tarixiy topilma haqida rossiyalik taniqli teleboshlovchi Vladimir Pozner ham oʻz fikrlari bildirgan. U mazkur muhim yangilikni bevosita joyida koʻrish uchun Oʻzbekistonga tezroq kelishni rejalashtirayotganini taʼkidladi. “Men sobiq ittifoq mamlakatlari boʻylab juda koʻp sayohat qilgan boʻlsam-da, ammo hozircha Oʻzbekistonga bormaganman. Lekin men, albatta, ushbu serquyosh oʻlkani ziyorat qilishni istayman. Men, ayniqsa, Buxoro, Xiva va Samarqandni koʻrmoqchiman. Ushbu tarixiy shaharlar har doim meni oʻziga jalb qilgan”, - deydi teleboshlovchi.
Vladimir Poznerning taʼkidlashicha, uning Oʻzbekistonda boʻlgan koʻplab doʻstlari Markaziy Osiyoning ushbu davlati haqida faqat iliq fikrlarni bildirgan.
“Ularning aytishicha, mamlakatda, ayniqsa, infratuzilma borasida juda koʻp ishlar qilingan. Oʻzbekiston shitob bilan taraqqiy etib bormoqda. Shu bilan birga, ushbu zaminda oʻtmish va madaniyat ham saqlanib qolgan. Bular menga juda qiziq. Men tarixiy muhitda yurishni, qadimiy madaniyat bilan uygʻun boʻlishni juda yaxshi koʻraman. Juda ehtiyotkorlik bilan saqlab kelinayotgan qadimiy shaharlar esa meni har doim oʻziga tortadi. Oʻylaymanki, Oʻzbekiston tarixini juda yaxshi biladigan tilmoch bilan ushbu yurt haqida bilmaganlarimni oʻrganardim”, - deydi V.Pozner.