Qaror bilan oʻlchash vositalarini davlat sinovlaridan oʻtkazish qoidalari tasdiqlandi.

Unga koʻra, davlat metrologik tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doirada Oʻzbekistonning oʻlchash vositalari davlat reyestriga kiritilgan tasdiqlangan turdagi oʻlchash vositalarini qoʻllashga ruxsat beriladi.

Ishlab chiqariladigan va (yoki) seriyalab ishlab chiqarilishi moʻljallangan oʻlchash vositalari va Oʻzbekiston hududida toʻp holida ishlab chiqariladigan va (yoki) olib kiriladigan oʻlchash vositalari davlat sinovlaridan oʻtkaziladi.

Oʻlchash vositalarini davlat sinovlaridan oʻtkazish ishlari uchun haq shartnomaga muvofiq ariza beruvchi tomonidan toʻlanadi.

Oʻlchash vositalarini davlat sinovlaridan oʻtkazish davomiyligi 25 ish kunidan oshmasligi kerak.

Oʻlchash vositalarini davlat sinovlaridan oʻtkazish natijalari ijobiy boʻlganda ijrochi 2 ish kuni mobaynida oʻlchash vositalarini sinovdan oʻtkazish natijalariga ega boʻlgan hujjatlarni “Oʻzstandart” agentligiga yuboradi hamda Agentlik oʻlchash vositalarining turini tasdiqlaydi va reyestrda roʻyxatga oladi.

“Oʻzstandart” agentligi rahbarligidagi akkreditatsiyadan oʻtgan davlat metrologiya xizmati organi ijrochi hisoblanadi.

Oʻlchash vositalarining turini tasdiqlash sertifikatining amal qilish muddati 5 yilni tashkil etadi.

Ushbu qoidalar davlat metrologik tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan sohada oʻlchash vositalarini qoʻllaydigan barcha shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.